O‘zbekistonda gender tenglik masalalari bo‘yicha yangi tuzilma tashkil etildi

O‘zbekistonda gender tenglik masalalari bo‘yicha yangi tuzilma tashkil etildi

Oliy Majlis Senatida Gender tenglik masalalari bo‘yicha yangi tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, bu tuzilma «Gender adolat yetakchisi» jamoasi hisoblanadi. Senat binosida «Gender adolat yetakchisi» jamoasiga saralab olingan yoshlar bilan uchrashuv tashkil etilgan.

«Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri. Gender adolat yetakchisi platformasini ishga tushirishdan ko‘zlangan maqsad gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarni hamda yoshlar hayotidagi o‘zgarish va yangilanishlarni keng targ‘ib etish, sohaga doir davlat dasturlari ijrosiga ko‘maklashish, yoshlarning huquqiy ongini o‘stirish orqali xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berishdan iborat», — deydi Senatning Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda gender tenglik masalalari bo‘limi mudiri Nodira Shotursunova.

14—21 aprel kunlari bu jamoaga yoshlarni saralab olish bo‘yicha kasting o‘tkazilgan. Unda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrining yoshlari onlayn hamda oflayn tarzda ishtirok etgan. Gender tenglik sohasi bo‘yicha aniq bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan mingga yaqin mustaqil fikrlovchi yoshlar orasidan 80 nafar yigit-qiz «Gender adolat yetakchisi» jamoasiga saralab olingan.

«Gender tenglik — jamiyatda huquq ustuvorligini taʼminlashga xizmat qiladigan muhim mexanizm. Yaʼni, hech kimning, u erkakmi, ayolmi, huquqi kamsitilmasligi yoki toptalmasligi kerak. Ammo hayotda huquqi buzilayotgan shaxslar, ayniqsa xotin-qizlar, opa-singillarimiz uchrab turadi. Ularni himoya qilishga hissa qo‘shish, jamiyatdagi mavqeini oshirish bizning asosiy maqsadimiz. Aytib o‘tmoqchimanki, gender adolat faollariga ular murojaat qilishi mumkin. Biz esa tegishli organlarni bundan tezroq xabardor qilib, zudlik bilan yordam berish choralarini ko‘ramiz. Zero, qiyin vaziyatga tushib qolganda qayerga murojaat qilishni bilmaydigan, bilsa ham bunga jurʼat eta olmaydiganlar ham bor. Biz doim xushyor bo‘lib, ularga yordam berishga tayyormiz», — deydi jamoa aʼzolaridan biri Azizbek Sayfiyev.

2030 yilga qadar qabul qilingan Gender Strategiyasida aks etgan 8 ta yo‘nalish bo‘yicha faol yoshlardan 8 ta guruh shakllantirilgan. Strategiya ijrosini taʼminlashda gender adolat yetakchilari faol ishtirok etishlari ham nazarda tutilgan.

Uchrashuvda jamoa vakillari ko‘plab fikr va mulohazalarini bildirib o‘tgan. Ushbu yangi tuzilma aʼzolarining gender tenglik targ‘ibotidagi faoliyatini tashkil etish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish Senatning doimiy nazoratida ekanligi taʼkidlangan.

Tadbir yakunida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan aniq vazifalar belgilab olindi.


O‘xshash yangiliklar

Chat