Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi va Soliq munosabatlarini tashkil etishda yangicha yondashuv qo‘llanadi
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi. Bunda g‘oliblarni aniqlash bo‘yicha mezonlar quyidagilar:
▪️ har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari soni;
▪️ har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
▪️ har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar soni;
▪️ har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni va ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
▪️ mahalla fuqarolari tomonidan mol-mulk va yer soliqlarining to‘langanlik darajasi.
“Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi g‘oliblari uchun quyidagi rag‘batlantirish choralari joriy etiladi:
♦ tashabbusli byudjet doirasida ketma-ket 2 marotaba g‘olib deb topilgan mahallalar uchun navbatdagi 2 ta mavsum doirasida loyiha kiritish imkoniyatini cheklash qoidasi qo‘llanmaydi;
♦ loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirishda ushbu mahallalar aholisi tomonidan loyiha qiymatining 25 foizi moliyalashtirilgan taqdirda, loyiha g‘olib deb topiladi hamda qolgan 75 foizi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladi;
♦ belgilangan mezonlar asosida har yili birinchi 100 talikka kirgan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarning har biriga Davlat byudjetidan 2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ tegishlicha Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasiga ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan “Ochiq byudjet” portalida jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan soliqlar hisobidan amalga oshiriladigan byudjet xarajatlari maʼlumotlarini o‘zida aks ettiruvchi “Jismoniy shaxslarning soliqlari hisobidan xarajatlar” moduli ishga tushiriladi.
Bunda quyidagilar doimiy ravishda eʼlon qilib boriladi:
♦ jismoniy shaxs tomonidan muayyan davrda to‘langan daromad solig‘i, mol-mulk va yer solig‘i to‘g‘risidagi maʼlumot;
♦ to‘langan soliqlar evaziga Davlat byudjetidan amalga oshirilgan xarajatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar.
2026 yil 1 yanvardan Namanganda yangi soliq boshqaruvi modelini joriy etish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutgan holda eksperiment o‘tkaziladi:
▪️ jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va (yoki) yer solig‘i bo‘yicha 1 mln so‘mdan oshgan soliq qarzdorligini undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanishni joriy etish;
▪️ soliq organlari faoliyatini baholashda inson omili taʼsirisiz avtomatik shakllanadigan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini joriy etishni tizimli davom ettirish.
2026 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulklarni ijaraga berishdan olingan daromad bo‘yicha to‘langan soliq to‘liq miqdorda mulk joylashgan tuman (shahar) mahalliy byudjetlariga yo‘naltiriladi.




