Adliya vaziri tizimda faoliyat yuritayotgan ayollar bilan uchrashdi
Xabaringiz bor, Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning fevral-mart oylari “Xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha dolzarb ikki oy” deb eʼlon qilingan.
- Ushbu loyiha doirasida bugun, 2 mart kuni Adliya vaziri R.Davletov vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan videokonferensaloqa orqali ochiq muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda adliya organlari va muassasalaridagi jami 8 mingdan oshiq xodim faoliyat yuritayotganligi, shundan 3 mingga yaqini, yaʼni 38 foizi xotin-qizlar ekanligi, bu esa nafaqat respublikada butun dunyoda yaxshi ko‘rsatkichligi alohida taʼkidlandi.
Statistikaga nazar tashlansa, o‘tgan 2021 yilda vazirlik tizimiga ishga qabul qilish bo‘yicha jami 226 ta tanlov o‘tkazilgan. Ularda ishga qabul qilinganlarning 428 nafari (28 foiz) xotin-qizlar, bu 2020 yilga nisbatan 2,5 baravarga oshgan. Yildan-yilga ko‘rsatgichlar yaxshilanmoqda.
Shuningdek, tizimda jami 320 nafar xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, jami 260 nafar ayollar yuqori lavozimlarga tayinlangan.
Adliya vazirligi nafaqat tizimdagi xotin-qizlar, balki butun jamiyat ayollarini qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, vazirlik tomonidan 2 ta qonun ishlab chiqib Hukumatga kiritildi, “Ayollarga huquqiy madad” qo‘llanmasini tayyorlandi va nashr qilindi, kurslar.huquqiyportal.uz platformasida ayollar huquqi bo‘yicha alohida onlayn-interaktiv kurslar ochildi.
Muloqot davomida vazirlik tizimida xotin-qizlarga yaratilgan imtiyozlar, qulaylik, ish rejimi va boshqa masalalar, jumladan tizimdagi iqtidorli xotin-qizlarimizni rag‘batlantirish, ularning isteʼdodini ro‘yobga chiqarish uchun har yili “Adliya ayoli” tanlovini joriy qilish, uzoq yillar tizimda mehnat qilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish masalalari muhokam qilindi.