Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘RQ–1180, 14.10.2026 y.) qabul qilindi.
 

Jinoiy javobgarlik:

  • o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish va unga nisbatan jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun jazo o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish belgilandi;

  • voyaga yetmaganga nisbatan javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlardagi qasddan odam o‘ldirish, terrorizm va boshqa ko‘rsatilgan holatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi;

  • bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish qo‘llanilmaydi.

 

Maʼmuriy javobgarlik:

  • ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar voyaga yetmagan bolaning tarbiyasidagi majburiyatlarini bajarmasa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima solinadi;

  • bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotini tarqatilganda, axborot mahsuloti musodara qilinib tarqatgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslarga esa ellik baravari miqdorida jarima solinadi;

  • bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning qarorini ijro etmaslik yoki ijro etishga to‘sqinlik qilgan fuqarolarga uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha jarima solinadi.


Mehnat munosabatlari:

  • bolani tarbiyalash va unga taʼlim berish majburiyati yuklatilgan taʼlim tashkiloti xodimi bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilsa, bu mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qo‘shimcha asos bo‘ladi.

Himoya kafolatlari:

  • zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi;

  • jinsiy zo‘ravonlikka oid ishlarda voyaga yetmagan jabrlanuvchiga davlat hisobidan advokat ishtiroki taʼminlanadi.


Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.


O‘xshash yangiliklar

Chat