Endi davlat homiladorlik nafaqasini xususiy sektorda ishlayotganlarga ham to‘lab beradi
Shavkat Mirziyoyev videoselektorda homiladorlik nafaqasini to‘lamaslik uchun tadbirkorlar ayollarni ishga olmasligini tanqil qildi. Taʼkidlanishicha, 1 sentyabrdan xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham homiladorlik nafaqasi davlat tomonidan kafolatli to‘lab beriladigan tizim yaratiladi. Endi ularga 4 oyga 2 mln so‘m miqdorida bir martalik nafaqa beriladi.
Ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev masʼullar oldiga ayollarni ijtimoiy himoya qilishni tubdan kuchaytirish va bu boradagi yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish vazifasini qo‘ydi.
O‘zbekistondada har yili o‘rtacha 700 ming chaqaloq dunyoga kelmoqda. Farzandli bo‘lgan ayollar kamida 4 oyga ishdan ajralishi, dekretga chiqishi kerak.
«Ochiq aytish kerak, ayni paytda byudjet tashkilotlari homiladorlik nafaqasini to‘liq to‘lab bersada, xususiy sektorda bu xarajat tufayli ayollarni rasmiy ishga olishdan qochish holatlari ham, afsuski bor», — dedi prezident.
Shu bois, 2022 yil 1 sentyabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan kafolatli to‘lab beradigan tizim yaratiladi.
Endi, ularga ham 4 oyga 2 mln so‘m miqdorida bir martalik homiladorlik nafaqasi to‘lab beriladi.
Bu maqsadlar uchun, byudjetdan 2022 yilda 200 milliard so‘m, 2023 yilda esa 1,7 trillion so‘m yo‘naltiriladi.