O‘zbekistonda mahkuma ayollarga OTMlarga kirish va ularda masofaviy ta’lim olishga ruxsat beriladi

O‘zbekistonda mahkuma ayollarga OTMlarga kirish va ularda masofaviy ta’lim olishga ruxsat beriladi

O‘zbekiston prezidenti jazoni ijro etish muassasalarida muddat o‘tayotgan ayollar uchun kasb-hunar o‘rganish va oliy o‘quv yurtlarida masofaviy ta’lim olish imkoniyatlari yaratilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2589 nafar mahkum ayoldan 443 nafari allaqachon oliy ma’lumot olish istagini bildirgan.

O‘zbekistonda jazo muddatini o‘tayotgan ayollar uchun kasb-hunar o‘rganish va oliy o‘quv yurtlarida masofaviy ta’lim olish uchun sharoitlar yaratiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston jazoni ijro etish muassasalarida 2589 nafar ayol jazo o‘tamoqda, ulardan 1239 nafari o‘rta ma’lumotga ega, biroq kasb-hunari yo‘q. Ularning 443 nafari oliy o‘quv yurtlarida o‘qish istagini bildirgan. Ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish uchun “Yangi hayot” dasturi ishga tushiriladi. Ular 3−6 oy kasb dasturlarida o‘qitilib, sertifikat oladi.

Marosimda turli sabablarga ko‘ra bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan ayollar ham shu yurtning fuqarolari ekani ta’kidlandi. Ularni ijtimoiy hayotga qaytarish, jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylantirish to‘g‘risida ham jiddiy o‘ylash kerakligi qayd etildi.

Kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlarga jazoni o‘tab, ishga joylashgandan keyin qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.


O‘xshash yangiliklar

Chat