O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlik uchun jazolar qanday kuchaytirilmoqda?

O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlik uchun jazolar qanday kuchaytirilmoqda?

O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirilmoqda. Qonunchilikda femitsid, familitsid, stalking, kiberzo‘ravonlik va onlayn gruming uchun javobgarlik belgilanyapti. Pedofillarga umrbod qamoq jazosini takroriy jinoyat uchungina berish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-martdagi farmoni bilan xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, shuningdek, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi.

Hujjat “bolalar va xotin-qizlar huquqlarini ishonchli ta’minlash, ularni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda jamiyatda bunday holatlarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirilgan holda samarali yo‘lga qo‘yish”ga qaratilgan.

Prezident matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, takliflar idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan keng jamoatchilik, soha ekspertlarining fikrlari hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan.

Oiladagi zo‘ravonlik

Farmon bilan oila va xotin-qizlar markazlari qoshidagi “maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus kurslarida nikohlanuvchilarni bepul o‘qitish bilan qamrab olish darajasini 2026-yilda 50 foizga, 2027-yilda 60 foizga va 2030-yilga kelib 100 foizga yetkazish maqsadi qo‘yilgan. Bundan tashqari, ushbu kurslarning sifati va samaradorligini tubdan oshirish ko‘zda tutilgan.

1-apreldan boshlab, himoya orderini olgan jabrlanuvchi ayollarning roziligi bilan ularning aloqa vositalariga (telefon, planshet va boshqa qurilmalar) Ijtimoiy himoya milliy agentligining my.ihma.uz mobil ilovasi (“SOS” tugmasi) o‘rnatiladi. Bu ilova tazyiq va zo‘ravonlik holatlari haqida zudlik bilan xabar berish imkonini ta’minlaydi. Tugma bosilganda, 5 km radiusda bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari 10 daqiqa ichida yetib kelishlari shart bo‘ladi.

Qattiqroq jazo

Joriy yildan ichki ishlar organlari zo‘ravonlik sodir etgan shaxsda ruhiy kasallik bor deb gumon qilishga asoslar mavjud bo‘lganda, majburiy ambulator psixiatrik ko‘rikdan o‘tkazadi, ruhiy buzilishlar aniqlangan taqdirda esa — ushbu shaxsni belgilangan tartibda tibbiyot muassasasiga joylashtiradi.

1-noyabrdan boshlab qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda, unga ko‘ra Jinoyat kodeksining oltita moddasi: 118 (Nomusga tegish), 119 (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy shaklda qondirish), 121 (Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), 128 (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), 128−1 (16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar yoki mulkiy yoxud boshqacha manfaatdorlik berish orqali jinsiy aloqa qilish), 129 (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov ishlari faqat prokuratura organlari tomonidan o‘tkaziladi (hozirda — IIO).

Shu sanadan boshlab shahvoniy shilqimlik bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqishda jinoyat alomatlari yo‘qligi to‘g‘risida prokurorning majburiy xulosasini olish talabi joriy etiladi. Shundan keyingina ish materiallari sudga yuboriladi.

Jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha quyidagi choralar “keng jamoatchilik, ekspertlar va faollar” taklifiga asosan ishlab chiqilgani farmonda e’tirof etilgan:

  • voyaga yetmaganlarga nisbatan JKning 118 (Nomusga tegish) va 119-moddalarida (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy shaklda qondirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritiladi;
  • bunday mahkumlar psixologik korreksiya dasturidan o‘tmasdan turib, ularni saqlash sharoitlarini yaxshilash amaliyoti to‘xtatiladi.

Pedofillar uchun umrbod qamoq jazosi takroriy jinoyatlar uchungina beriladi

Farmon bilan uch oy muddatda voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish uchun ilgari sudlangan shaxslar tomonidan quyidagi jinoyatlar sodir etilgan taqdirda jazo belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlash topshirildi:

  • 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik uchun — umrbod ozodlikdan mahrum qilish;
  • 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy shaklda qondirganlik uchun — uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish.

Bundan tashqari, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni bir guruh shaxslar tomonidan sodir etganlik uchun yanada qat’iyroq javobgarlik belgilash, shuningdek, tergov va sud amaliyotidan kelib chiqib, JKning 129-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) dispozitsiyasiga aniqliklar kiritish rejalashtirilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda shahvoniy shilqimlik uchun sanksiyalarni kuchaytirish (hozirda — 5 sutkagacha ma’muriy qamoq) ko‘zda tutilgan.

Qo‘shimcha ravishda, jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan, biroq ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lgan hollarda javobgarlikka tortish tartibini takomillashtirish kutilmoqda.

Femitsid, familitsid, stalking va kiberzo‘ravonlik

Uch oy muddatda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlar hamda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida quyidagilar uchun qonunchilikda javobgarlik belgilash bo‘yicha takliflar tayyorlanishi lozim:

  • xotin-qizlarni aynan jinsi sababli qasddan o‘ldirish (femitsid);
  • oila a’zolarini qasddan o‘ldirish (familitsid);
  • shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy ta’qib qilish (stalking);
  • internet yoki ijtimoiy tarmoqlarda sodir etiladigan zo‘ravonlik (kiberzo‘ravonlik);
  • voyaga yetmagan shaxslardan jinsiy foydalanish hamda shu maqsadda internet orqali voyaga yetmagan shaxsning ishonchini qozonish (onlayn-gruming).

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, IIV va Adliya vazirligiga zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, jumladan, ushbu jarayonda oila va xotin-qizlar markazlari imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.

Tergovchi va sudyalarni tayyorlash

2027-yil 1-yanvardan xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq hamda zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish va ko‘rib chiqish, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchi va sudyalar tomonidan amalga oshirilishi lozim.

Joriy yil yakuniga qadar har bir hududdagi ishlar hajmidan kelib chiqib, kamida bir nafar tergovchi va bir nafar sudya xalqaro standartlarga asoslangan dastur bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tishi, shuningdek, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq hamda zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarning tergov qilinishi va ko‘rib chiqilishini ta’minlashi kerak. Maxsus tayyorgarlikka yuborishda xotin-qizlar orasidan bo‘lgan tergovchi va sudyalarga ustuvorlik beriladi.

1-sentabrdan boshlab Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Odil sudlov akademiyasida xalqaro va milliy ekspertlarni jalb qilgan holda tergovchi va sudyalar uchun “Jinoyatdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan ishlashning o‘ziga xos protsessual jihatlari” maxsus o‘quv dasturini tashkil etadi.


O‘xshash yangiliklar

Chat