Markaziy Osiyo mamlakatlari oliy o‘quv yurtlari diplomlarini o‘zaro tan olishga kelishib oldi
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida kelishib oldi, deyiladi Qozog‘iston hukumati qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar davlatlarning milliy qonunchilikda belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan oliy ta’lim tashkilotlarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni (diplomlarni) tan olishga kelishib olgan.
Shuningdek, tomonlar o‘z oliy ta’lim tizimlarida sifat kafolatini ta’minlash uchun tomonlar davlatlarida olingan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni, agar ushbu hujjatlar bilan tasdiqlangan malaka oliy ta’lim tizimiga qo‘yiladigan umumiy talablarga javob bersa, tan olishga kelishib oldi.
Bunda rad etishga oliy ta’lim tizimiga qo‘yiladigan talablar o‘rtasida jiddiy farqlar mavjudligi isbotlangan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi. Xususan, rad etish sabablari jumlasiga quyidagi holatlar kiritilgan:
- hujjatlar belgilangan shaklda taqdim etilmagan, shuningdek tasdiqlangan nusxalari taqdim etilmagan bo‘lsa; diplomga ilovalar mavjud bo‘lmasa;
- hujjatlarda o‘qitish dasturi, muddatlari yoki natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga taalluqli nomuvofiqliklar yoki ziddiyatlar aniqlangan bo‘lsa;
- diplomning haqiqiyligi ushbu hujjatni bergan oliy ta’lim tashkiloti tomonidan tasdiqlanmaydi.




