Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etiladi
“Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–217-son, 18.11.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etiladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etiladi.
Prezident Administratsiyasi tashkiliy tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasi tashkil etiladi.
Ekologiya qo‘mitasi quyidagi umummilliy loyihalarni amalga oshirish uchun masʼul hisoblanadi, jumladan:
▪️ “Chiqindidan holi hudud”;
▪️ “Toza havo”;
▪️ “Yashil makon”;
▪️ “Eko-madaniyat”;
▪️ “Bio meros”.




