Oziq-ovqat mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi belgilandi

Oziq-ovqat mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi belgilandi

Hukumat qarori (720-son, 13.11.2025 y.) bilan “Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. 

Reglamentga ko‘ra, sanitariya-epidemiologik xulosa 3 yil muddatga beriladi.

Ushbu xulosa chetdan olib kelinayotgan mahsulotga mahsulotning yaroqlilik davriga, yaroqlilik muddatiga ega bo‘lmagan mahsulotga esa – muddati ko‘rsatilmasdan beriladi.

Sanitariya-epidemiologik xulosa quyidagi holatlarda olinishi lozim:

▪️ yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganda;
▪️ ishlab chiqarilayotgan mahsulot tarkibi o‘zgarganda;
▪️ mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonining konstruksiyalari, jamlanmalari o‘zgarganda;
▪️ tajriba uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarga;
▪️ respublika hududiga olib kiriladigan oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlariga;
▪️ mahsulot ishlab chiqarish uchun berilgan sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilish muddati tugaganda.

Ariza beruvchi davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markaziga kelib yoki elektron tarzda YAIDXP (my.gov.uz) orqali foydalanishi mumkin. 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xulosani QR-kod orqali tasdiqlaydi hamda 1 ish kunida ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.


O‘xshash yangiliklar

Chat