Qisqartirishga tushgan xodimlarning ish joyidagi huquqlari

Qisqartirishga tushgan xodimlarning ish joyidagi huquqlari

Korxonadagi turli sabablar tufayli xodimlar baʼzida qisqartirishga tushishlari mumkin. Bunday hollarda xodimlarning qanday huquqlari mavjud?

Birinchidan, Mehnat kodeksining 165-moddasi birinchi qismiga asosan texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning oʻzgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bogʻliq boʻlgan tashkilot xodimlarining soni yoki shtati oʻzgarganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilinayotganda ish beruvchi xodimni 2 oy oldin ogohlantirishga majbur.

Ikkinchidan, bir kun ishga chiqmaslik huquqi beriladi. Mehnat kodeksining 165-moddaning 4-qismiga asosan xodimni ogohlantirish muddati ichida, xodimga boshqa ish qidirish uchun haftada kamida bir kun shu vaqt uchun ish haqi saqlangan holda ishga chiqmaslik huquqi beriladi.

Uchinchidan, mehnat kodeksining 144-moddasiga asosan agar mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasiga doir ishni xolisona sabablarga koʻra davom ettirish imkoni boʻlmasa, ish beruvchi xodimga uning mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan boshqa ishga oʻtkazishni, bunday ish boʻlmagan taqdirda esa ish beruvchida mavjud boʻlgan boshqa ishni taklif etishi shart. Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 143-moddasining ikkinchi qismida, 161-moddasi ikkinchi qismining 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra bekor qilingan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyat ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.

Yaʼni xodim bilan mehnat shartnomasi mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi bilan bekor qilinayotgani sababli xodimga ish beruvchi ish taklif qilishi shart.

Toʻrtinchidan, mehnat kodeksining 100-moddasiga  asosan texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning oʻzgarishi sababli tashkilot xodimlarining soni yoki shtati oʻzgarganligi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarganligi sababli bekor qilingan taqdirda ish qidirish davrida oʻrtacha oylik ish haqining ishdan boʻshatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq koʻpi bilan ikki oyga saqlanib qolishi  kafolatlanadi.

Beshinchidan, mazkur moddaning 4-qismiga koʻra, agar  xodimlar mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin oʻttiz kalendar kun ichida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxslar sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, ular mahalliy mehnat organi tomonidan berilgan maʼlumotnoma boʻyicha uchinchi oy uchun ham avvalgi ish joyidan oʻrtacha oylik ish haqini olish huquqiga ega boʻladi.


O‘xshash yangiliklar

Chat