O‘zbekiston qonunchiligida 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston qonunchiligida 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

1. Bola tug‘ilganda suyunchi puli barchaga birdek berilmaydi

Endilikda ikkinchi va undan keyingi farzandlar uchun suyunchi puli barchaga birdek berilmaydi. 1 apreldan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzandi uchun — barcha ayollarga, ikkinchi farzandi uchun — farzand tug‘ilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning aʼzosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtiriladi. Qolgan barcha holatlarda nafaqa to‘lanmaydi.

2. Ai-80 benzin narxi oshadi

Aksiz solig‘i stavkalarining o‘zgarishi munosabati bilan neft mahsulotlari narxlari o‘zgaradi. Xususan, neft mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi aksiz solig‘i Ai-80 benzini mahsulotining 1 tonnasi uchun 303 000 so‘mdan 340 000 so‘mga (37 000 so‘mga), neft mahsulotlarini va suyultirilgan gazni yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i Ai-80 benzin uchun mahsulotining 1 tonnasi uchun 565 000 so‘mdan 633 000 so‘mga (68 000 so‘mga) oshishi belgilangan.

3. QQS bo‘yicha ayrim imtiyozlar bekor qilinadi

Tibbiy xizmatlar, veterinariya xizmatlari, dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlar uchun 1 apreldan QQS to‘lanadi.

4. Chiqindi xizmatlari narxiga QQS hisoblanadi

Chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinishi bekor qilinadi. Xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan ko‘rsatiladigan sanitar tozalash xizmatlari qiymatiga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi. Mazkur o‘zgartirish aholi va tadbirkorlar uchun ham amal qiladi.

5. Chiqindi pulini to‘lamaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi

Shuningdek, ko‘chmas mulk hamda avtotransportlar bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi Yagona elektron tizim orqali onlayn tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilgach notarial harakat amalga oshiriladi.

6. Bank ustav kapitali eng kam miqdori oshiriladi

Bank ustav kapitalining eng kam miqdori 350 milliard so‘mni tashkil etishi kerak bo‘ladi. Ilgari bank ustav kapitalining eng kam miqdori 200 milliard so‘mni tashkil etishi lozim edi.

7.Tadbirkorlarga subsidiyalar ajratishning yangi tartibi kuchga kiradi

Subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar tadbirkorlik subyektlariga barqarorlik reytingidagi o‘rnidan kelib chiqqan holda ajratiladi va qo‘llaniladi.

8. Tuman (shahar) viloyat arxitektorlari sertifikatlanadi

Shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi: 

  • tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari;

  • qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlari.

Bunda, mutaxassislarni sertifikatlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha ishchi organ funksiyasi Kompetensiyani rivojlantirish institutiga yuklanadi.

9. Nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar har oyda rag‘batlantiriladi

Qonunchilikka ko‘ra, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi 20 nafar shaxs aniqlanib, ularga ko‘maklashiladi hamda faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari belgilab beriladi

Ushbu ko‘rsatkichlarni bajargan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar har oyda 5 million so‘m miqdorida rag‘batlantirib boriladi. Shuningdek, alohida ahamiyatga ega nomoddiy madaniy meros namunalarini yozib olish va keng tarqatish uchun har yili 50 ta audiovizual asar yaratishga davlat buyurtmasi beriladi.

10. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida ayrim xizmatlar ko‘rsatiladi

Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:

  • ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga ko‘ra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;

  • ular tomonidan mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.

Bunda, mazkur xizmatlardan:

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ATga kiritilgan oilalarning o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalari va nogironligi bo‘lgan shaxslari bir yilda bir marta bepul ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari joylashgan hududdagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar shartnoma asosida foydalanadi.

11. Ayrim yolg‘iz keksalarga poyezdga bepul chiptalar ajratiladi

Reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularga bevosita hamrohlik qiluvchi 1 nafar shaxsga bir yilda bir marta temiryo‘l yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi. Reyestr “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan yuritiladi.

12. Gazlangan yoki energetik ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etiladi

Tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar bo‘lgan, gazlangan hamda isteʼmol qadog‘iga qadoqlangan ichimliklarning (energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklar bundan mustasno) 1 litri uchun 500 so‘m, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarning 1 litri uchun 2 000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i belgilanadi.


O‘xshash yangiliklar

Chat