1 fevraldan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
1. Ayrim mahsulotlar ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lish tartibi qo‘yiladi:
O‘zbekiston hududiga olib kirishda ayrim mahsulotlardan ularning sifati, xavfsizligi hamda servis kafolatini taʼminlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lishi talab qilinadi.
Bunda, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlarning servis xizmati mavjud bo‘lishi kerak.
2. Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarga kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi asosida ko‘rsatiladi
"Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritilishi belgilangan bo‘lib, ushbu reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordam ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi asosida ko‘rsatiladi.
3. Ichimlik suvi loyihalari doirasida uskuna va jihozlar faqat mahaliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinadi
Qonunchilikka ko‘ra, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi loyihalar doirasida qurilish materiallari, uskuna va jihozlar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinadi.
4. Kasanachilikda yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitiladi
Kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish, takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish maqsadida taʼlim tashkilotlarida tajribali kasanachi va hunarmandlarni jalb etgan holda kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etiladi.
Bunda, taʼlim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitilgan har bir bitiruvchi xotin-qiz uchun sarflangan o‘qitish xarajatlarining 70 foizi, biroq BHM ning 5 barobaridan oshmagan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
5. Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi joriy etiladi
Qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etiladi.
Reyting doirasida tadbirkorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:
- “AAA”, “AA” va “A” toifalar – yuqori barqarorlik reytingi;
- “VVV”, “VV” va “V” toifalar – o‘rta barqarorlik reytingi;
- “SSS”, “SS” va “S” toifalar – qoniqarli barqarorlik reytingi;
- “D” toifa – quyi barqarorlik reytingi.