Talabalar uchun haq to‘lanadigan amaliyot o‘tash tartibi belgilandi
Hukumat qarori (11-son, 08.01.2024 y.) bilan Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
Nizomga ko‘ra, haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalar o‘rtasida har yili kamida bir marotaba tanlov o‘tkaziladi.
Bunda amaliyot o‘tash uchun 500 ta (Toshkent shahri uchun – 45 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun – 35 tadan) o‘rin ajratiladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun talaba arizani shaxsan o‘zi, pochta orqali yoki elektron shaklda o‘zi o‘qiyotgan oliy taʼlim tashkilotiga topshiradi.
Tanlovda qatnashish uchun talaba:
-
bitiruvchi bosqichda tahsil olayotgan bo‘lishi;
-
taʼlim yo‘nalishi (mutaxassisligi) tarmoq korxonasidagi faoliyat yo‘nalishiga mos bo‘lishi;
-
O‘zbekiston rezidenti bo‘lishi lozim.
Oliy taʼlim tashkiloti ariza bergan talabalar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yo‘llanma xati bilan Maxsus komissiyaga 5 ish kunida taqdim etadi.
Maxsus komissiya ushbu hujjatlarni kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni davomida ko‘rib chiqib, talabani tanlovda ishtirok etishi yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Maxsus komissiya tomonidan talaba amaliyotini tashkil etish ish rejasi himoyasi (taqdimot ko‘rinishida) o‘tkazilib, 20 kun ichida yakuniy qaror qabul qilinadi.
Yakuniy qaror qabul qilingandan 10 ish kuni davomida tanlov natijalari bo‘yicha maʼlumot Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Amaliyot 1 oydan 3 ochgacha bo‘lgan davr mobaynida o‘quv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Talabaning amaliyot o‘tashi uchun sinov muddati belgilanmaydi.
G‘olib talabalarning amaliyoti bo‘yicha xarajatlar Maxsus komissiya tomonidan yakuniy qaror qabul qilingandan so‘ng 15 kun davomida qoplanadi.
Bunda talabaga BHMning 2 baravari miqdorida ish haqi va unga hisoblangan ijtimoiy soliq tegishli hisobraqamiga o‘tkaziladi.
Nizom harbiy va harbiylashtirilgan oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.