1 sentyabrdan nimalar o‘zgaradi?

1 sentyabrdan nimalar o‘zgaradi?

1. Ko‘p kvartirali uylarning zilzilabardoshligiga taʼsir qiluvchi konstruksiyalar tekshiriladi

Prezidentning 2023 yil 16 maydagi [PQ-158-son] qaroriga asosan 1 sentyabrdan quyidagilarni tekshirish boshlanadi:

  • seysmik faol zonada joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o‘zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalar;

  • ko‘p kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yerto‘la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka taʼsir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlar.

  • Aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.

2. Maktab direktorlariga bir qator huquqlar beriladi

Prezidentning 2023 yil 26 maydagi [PF-79-son] farmoni bilan O‘zbekistondagi maktablar direktorlariga bir qator huquqlar berilmoqda.

Jumladan, maktab direktoriga o‘z o‘rinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish, ajratilgan umumiy soatlar doirasida o‘quv rejalariga 15 foizgacha o‘zgartirish kiritish masalalarini mustaqil hal qilish huquqi beriladi

3. Ichki ishlar hodimlari fuqarolar bilan ishlash bo‘yicha o‘qitiladi

Prezidentning 2023 yil 20 yanvardagi [PQ-10-son] qaroriga ko‘ra, 1 sentyabrdan boshlab huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati bo‘linmalari xodimlarini «Fuqarolar bilan ishlash moduli» bo‘yicha uzluksiz o‘qitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali ularning sohada samarali xizmat olib borishdagi shaxsiy masʼuliyati oshiriladi.

Bunda, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida davomiyligi 144 soatdan kam bo‘lmagan dastur asosida xodimlar har uch yilda bir marta o‘qitilib, maxsus sinovdan o‘tkaziladi hamda sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga kelgusida ushbu sohada xizmat qilish huquqini taʼminlaydigan sertifikat beriladi.


4. Kommunal sohadagi huquqbuzarliklar haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi

Prezidentning 2023 yil 24 maydagi [PF-77-son] farmoniga muvofiq, aholi tomonidan Energetika vazirligining Internetdagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Bunda, huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Energetika vazirligining hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.


5. «Yong‘indan ogohlik» umummilliy kampaniyasi o‘tkaziladi

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 4 avgustdagi [332-son] qarori bilan muntazam ravishda «Yong‘indan ogohlik» umummilliy kampaniyasi amalga oshiriladi. Unda jumladan quyidagilar nazarda tutiladi:

  • taʼlim tashkilotlarida yong‘inlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda harakat qilish bo‘yicha batafsil uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkazish;

  • davlat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilotlarda ish joylarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;

  • jamoat joylarida, taʼlim tashkilotlarida, ish joylarida va turar joy komplekslarida o‘t o‘chirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish.


6. Subsidiya endi yagona elektron platforma orqali ajratiladi

Prezidentning 2023 yil 28 fevraldagi [PF-27-son] farmoniga asosan tasdiqlangan 2023 yilgi Davlat dasturiga asosan aholi va tadbirkorlarga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlar bosqichma-bosqich «Aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratishning yagona elektron platforma»siga o‘tkaziladi.

Shuningdek, subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.


7. O‘quvchilar 2 ta xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘qitiladi

Prezidentning 2023 yil 28 fevraldagi [PF-27-son] farmoniga ko‘ra, tasdiqlangan 2023 yilgi Davlat dasturiga ko‘ra, Qonunchilikka ko‘ra, har bir tuman (shahar)dagi bittadan maktabda o‘quvchilarni 2 ta xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.


8. Sudlanganlikni olib tashlanishi haqidagi maʼlumotlar onlayn shakllantiriladi

Prezidentning 2023 yil 23 martdagi [PQ-99-son] qaroriga muvofiq, sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi maʼlumotlar Ichki ishlar vazirligining «Tezkor maʼlumotlar» yagona axborot tizimida avtomatik ravishda onlayn shakllantiriladi.

Shuningdek, bu bo‘yicha maʼlumotnoma sudlanganlik muddati tugagan yoki sudlanganlik olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan tegishli shaxsning YAIDXP
my.gov.uz platformasidagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.

9. Ayrim hisobotlarni qog‘oz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinadi

Prezidentning 2023 yil 24 martdagi [PQ-102-son] qaroriga asosan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni qog‘oz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinib, tegishli davlat organlari va tashkilotlarning elektron bazasini «Davlat mulki» axborot tizimiga integratsiya qilish va tadbirkorlar elektron tizimga kiritadigan maʼlumotlar orqali hisobotlarni olish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, har chorakda joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi.


10. Ayrim mahsulotlarning ulgurji savdosi xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi

Prezidentning 2023 yil 4 apreldagi [PQ-110-son] qarori bilan tamaki mahsulotining ulgurji va chakana savdosi, pivo mahsulotining ulgurji savdosi xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

Bundan alkogol mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha litsenziya yoki xabarnomaga ega bo‘lgan subyektlar mustasno.


11. Bank ustav kapitalining eng kam miqdori oshiriladi

Prezident tomonidan 2023 yil 19 aprelda imzolangan [O‘RQ-831-son] qonunga ko‘ra, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartish kiritildi. Unga ko‘ra, bank ustav kapitalining eng kam miqdori 200 milliard so‘mni tashkil etishi kerak.

Ilgari bank ustav kapitalining eng kam miqdori 100 milliard so‘mni tashkil etishi lozim edi.


12. Qishloq xo‘jaligi texnikalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi uchun talon berish bekor qilinadi

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 29 apreldagi [170-son] qaroriga muvofiq, yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlar jismoniy shaxslarning 100 ot kuchigacha quvvatga ega qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risida talon berish amaliyoti bekor qilinadi (xorijiy davlatlarga ishga yuboriladigan texnikalardan tashqari).


13. Ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tkaziladi

Prezidentning 2023 yil 24 maydagi [PF-76-son] farmoniga asosan «Raqamli hukumat» tizimi doirasida ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tkaziladi.

Bunda, qog‘ozsiz ish yuritishga o‘tish jarayonini jadallashtirish maqsadida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi negizida ishlab chiqilgan “edo.ijro.uz” modulidan foydalaniladi.

Shuningdek, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari axborot tizimlarida «Raqamli hukumat» tizimining yagona identifikatorlari hamda maʼlumotnomalar va tasniflagichlar registri axborot tizimida joylashtirilgan yagona umumdavlat maʼlumotnomalar va tasniflagichlardan foydalanishlari shart bo‘ladi.


O‘xshash yangiliklar

Chat