Ko‘chmas mulk, avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazishda davlat boji miqdorlari kamaytirildi
Qonun (O‘RQ–808, 06.12.2022 y.) bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi
Unga ko‘ra, endilikda davlat boji quyidagi miqdorlarda undiriladi:
1) ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun:
-
agar ko‘chmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida joylashgan bo‘lsa, BHMning 1 baravari (ilgari ko‘chmas mol-mulkning umumiy maydoniga qarab BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha);
-
agar ko‘chmas mol-mulk boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa, BHMning 50 foizi (ilgari ko‘chmas mol-mulkning umumiy maydoniga qarab BHMning 50 foizidan 1,5 baravarigacha).
2) mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o‘zgartishlar kiritganlik uchun:
-
mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa-singillariga – BHMning 10 foizi (ilgari BHMning 25 foizi);
-
jismoniy shaxslar uchun – BHMning 25 foizi (ilgari BHMning 50 foizi);
-
yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa – BHMning 50 foizi (ilgari BHMning 1 baravari).
3) mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHMning 25 foizi (ilgari BHMning 50 foizi).
4) garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:
-
jismoniy shaxslar uchun – BHMning 1 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 1 baravaridan 2 baravarigacha);
-
yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa – BHMning 2 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 2 baravaridan 4 baravarigacha).
5) qarz shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHMning 25 foizi (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 25 foizidan 1 baravarigacha).
6) avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji quyidagi miqdorlarda undiriladi:
avtomototransport vositalari uchun – BHMning 3 baravari (ilgari transport vositasi dvigatelining quvvati, yaʼni ot kuchiga va ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 2 baravaridan 10 baravarigacha);
bitta mototransport, motoaravacha, motoqayiq uchun – BHMning 25 foizi (ilgari ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 10 foizidan 50 foizigacha).
7) avtomototransport vositalarini boshqarishga va tasarruf qilishga oid ishonchnomalarni, shuningdek avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:
-
mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa- singillariga, jiyanlariga – BHMning 50 foizi;
-
boshqa shaxslarga – BHMning 2 baravari (ilgari BHMning 3 baravari).
8) Qarz shartnomasidan kelib chiqadigan pul summalarini undirish to‘g‘risidagi ijro varaqalarini berganlik uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi.