Oliy taʼlim tashkilotlarida masofaviy taʼlimni joriy etish tartibi belgilandi
Hukumat qarori (559-son, 03.10.2022 y.) bilan “Oliy taʼlim tashkilotlarida masofaviy taʼlim shaklini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan masofaviy taʼlim orqali oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlarni tayyorlashni tashkil etish tartibi belgilandi.
Buning uchun taʼlim tashkilotida quyidagilar bo‘lishi talab etiladi:
- masofaviy taʼlimni boshqarish uchun “Learning Management System” platformasi;
- internetga ulanish va foydalanish uchun axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi;
- o‘quv yili uchun mo‘ljallangan o‘quv kontenti;
- fanlarning elektron o‘quv-metodik majmualari hamda ilmiy va o‘quv adabiyotlarining elektron bazasi;
- kompyuter texnikasi bilan jihozlangan alohida bino yoki auditoriyalar;
- texnik va dasturiy komponentlar ishlashini taʼminlaydigan muhandis-texnik xodimlar;
- taʼlim tashkilotiga tegishli bo‘lgan, mamlakat hududida joylashgan server qurilmasi;
- taʼlim tashkiloti to‘g‘risidagi barcha axborotlar joylashtirilgan rasmiy veb-sahifa.
Masofaviy taʼlim joriy etish mumkin bo‘lmagan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari har yili 1 aprelgacha eʼlon qilinadi.
Masofaviy taʼlim asosida kadrlar tayyorlashda bir bakalavriat taʼlim yo‘nalishi 300 nafar, bir magistratura mutaxassisligi 30 nafar talabadan ortiq bo‘lmasligi lozim.
Bunda:
- mazkur talab axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishlariga tatbiq etilmaydi;
- talabalar sonini aniqlashda xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan talabalar hisobga olinmaydi.
Masofaviy taʼlimda o‘qishga qabul qilingan talaba quyidagi hollarda oliy taʼlim tashkilotiga kelishi shart:
- o‘quv jarayoni boshlanishidan avval – LMS platformasida ro‘yxatdan o‘tish uchun;
- har semestr yakunida – yakuniy nazorat topshirish o‘tish uchun.
Shuningdek, yakuniy davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy va magistrlik ishi himoyasi bevosita oliy taʼlim tashkilotida anʼanaviy tarzda amalga oshiriladi, ularni sinxron yoki asinxron rejimida qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Masofaviy taʼlim shakli to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.