Oilaviy bog‘cha xodimlariga byudjetdan subsidiya elektron tizim orqali hisoblanadi
“Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (426-son, 02.08.2022 y.) qabul qilindi
Qarorga muvofiq 2022 yil 1 sentyabrdan davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan bog‘chalarda, oilaviy bog‘chalarda:
- byudjetdan subsidiyalar xodimlarning ishga kelib-ketishi hamda tarbiyalanuvchilarning davomatidan kelib chiqib nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida avtomatik hisoblab chiqiladi;
- xodimlarning ishga kelib-ketishini hisobga olish hamda tarbiyalanuvchilarning davomatini yuritish mobil ilova yordamida shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali amalga oshiriladi;
- hisobot oyida tarbiyalanuvchilarning oylik davomati ro‘yxatga olingan tarbiyalanuvchilarga nisbatan 40 foizdan kam bo‘lganda, ushbu oy uchun byudjetdan ish haqi to‘lanmaydi.
Qaror bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi nizomlar tasdiqlandi:
- davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalarni tashkil etish uchun banklarga pul joylashtirish tartibi;
- nodavlat bog‘chalarga byudjetdan subsidiyalar va kompensatsiyalar to‘lash tartibi;
- oilaviy bog‘chalar to‘g‘risida;
- kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan tashkilotlardagi bog‘chalar tarbiyachilarining ish haqini qoplash uchun byudjetdan kompensatsiya ajratish tartibi;
- nodavlat bog‘chalarni boshqarish axborot tizimi va “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi o‘rtasida o‘zaro almashiladigan maʼlumotlar ro‘yxati.