2022 yil 1 iyundan davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik maoshlari oshiriladi

2022 yil 1 iyundan davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik maoshlari oshiriladi

“Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–136-son, 17.05.2022 y.) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 iyundan davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:

  • oliy va birinchi malaka toifalariga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 15 foizga;

  • ikkinchi malaka toifasiga ega va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10 foizga;

  • tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15 foizga oshiriladi.

Shuningdek:

  • xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga ajratilgan mablag‘lar hisobidan davlat tibbiyot muassasasining yuqori malakali tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha, boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;

  • yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;

  • oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.

Farmonga ko‘ra, tibbiyot muassasalarida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokor-xirurglar lavozim maoshining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama joriy etiladi.

2022-yil 1-sentyabrdan davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha va fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Bundan tashqari, barcha tibbiyot xodimlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan dastlabki va davriy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkaziladi.

2022 yil 1 iyuldan viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lovlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Bunda, shifokor boshqa hududda kamida 2 yil ishlagan hamda kamida ikkinchi darajali malaka toifasiga ega bo‘lgan bo‘lishi lozim.


O‘xshash yangiliklar

Chat