AYOLLAR FORUMI: Ayolni eʼzozlash ezgulik va adolat mezoni
Namangan viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Namangan shahrida Ayollar forumi oʻtkazildi.
Namangan viloyat hokimligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan ayollar forumida 400 ga yaqin xotin-qizlar ishtirok etdilar. Forumni Namangan viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari I.Qoʻchqarova ochib berdi. Shundan soʻng madaniyat xodimlarining chiqishlari, Milliy liboslar namoyishi, sportchi qizlarning koʻrinishlari forumga yanada fayz berdi. Qolaversa, NNTlar tomonidan ayollarni tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha treninglar olib borildi va qoʻl mehnati koʻrgazmalari namoyish etildi.
Forumning ahamiyatli jihati bir vaqtning oʻzida ayol mutaxassislardan iborat boʻlgan ishchi guruh aʼzolari tomonidan sayyor qabul ham oʻtkazilib, qabul jarayonida 50 dan ziyod xotin-qizlar, uy-joy, aliment, ijtimoiy nafaqa, nogironlikni belgilash, ajrim, mol-mulk va koʻplab masalalarda murojaat qildilar va bepul huquqiy maslahat oldilar.
Forumda tuman (shahar) adliya boʻlimlari, viloyat Prokuraturasi, Sudlar, Ichki ishlar boshqarmasi, Xalq deputatlari viloyat kengashi huzuridagi jamoat fondi, notariuslar, advokatlar, FHDYO xodimlari, Nodavlat notijorat tashkilotlari va OAV vakillari ishtirok etdilar.
Bugungi Ayollar forumi har jihatdan xotin-qizlarning jamiyatda mustahkam oʻrin egallashi uchun koʻmak berishiga ishonamiz.