
Ayrim oilaviy holatlarda xodim to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasini so‘rash huquqiga ega. Qonunda belgilangan shaxslar murojaat qilganda ish beruvchi bunday ish vaqtini belgilashi shart.
Ish beruvchi homilador ayolning iltimosiga ko‘ra unga to‘liqsiz ish vaqti belgilaydi. Xuddi shu kafolat 14 yoshga to‘lmagan bolaning, shuningdek 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga ham tegishli. Oilaning betob a’zosini tibbiy xulosaga muvofiq parvarishlayotgan shaxs ham bu huquqdan foydalanishi mumkin.
To‘liqsiz ish vaqti har kungi ish vaqtini qisqartirish, haftadagi ish kunlari sonini kamaytirish yoki ushbu usullarni birgalikda qo‘llash shaklida belgilanishi mumkin. U ishga qabul qilishda ham, xodim ishlayotgan vaqtda ham rasmiylashtiriladi. Qonunda ko‘rsatilgan shaxslar uchun bunday tartib uni belgilashga asos bo‘lgan holat mavjud bo‘lgan davrdan ortiq bo‘lmagan muddatga joriy etiladi. Ish va dam olish rejimi xodimning istagi hamda ish sharoitlarini hisobga olgan holda belgilanadi.
To‘liqsiz ish vaqtida ish haqi ishlangan vaqtga mutanosib yoki bajarilgan ish hajmiga qarab to‘lanadi. Biroq bunday tartib yillik asosiy mehnat ta’tili davomiyligini, mehnat stajini hisoblashni va boshqa mehnat huquqlarini cheklamaydi.
Bundan tashqari, 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan ota-onadan biriga yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga har oy bir qo‘shimcha dam olish kuni beriladi. Ushbu kun uchun bir kunlik ish haqi miqdorida nafaqa byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Xodim arizada o‘ziga qulay ish vaqti rejimi va undan qaysi muddat davomida foydalanmoqchiligini ko‘rsatsa, uni rasmiylashtirish osonlashadi.
Huquqiy asos: Mehnat kodeksining 186, 398 va 399-moddalari.