Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar

Ikki yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasidan biri yoki vasiysi odatdagi tushlik tanaffusidan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha, haq to‘lanadigan tanaffus olish huquqiga ega.

Qo‘shimcha tanaffuslar kamida har uch soatda beriladi va ularning har biri 30 daqiqadan kam bo‘lmasligi kerak. Agar ikki yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq farzand bo‘lsa, har bir tanaffusning davomiyligi kamida bir soat etib belgilanadi.

Bu tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va ular uchun o‘rtacha ish haqi bo‘yicha haq to‘lanadi. Shu sababli bolani ovqatlantirishga ajratilgan qo‘shimcha vaqtni xodimning ishga kech kelishi yoki ishdan erta ketishi sifatida baholab, uni haq to‘lanmaydigan vaqtga aylantirish mumkin emas.

Ota-onadan birining yoki vasiyning xohishiga ko‘ra tanaffuslar dam olish va ovqatlanish tanaffusiga qo‘shilishi mumkin. Shuningdek, ularni jamlab, ish kuni yoki smenaning boshiga yoxud oxiriga ko‘chirish va shu hisobdan ish kunini tegishlicha qisqartirish mumkin.

Bu huquqdan foydalanishda bir shart bor: boshqa ota-ona bola parvarishlash ta’tilida bo‘lmasligi va ayni shunday tanaffuslardan foydalanmayotgan bo‘lishi kerak. Tanaffuslarning aniq davomiyligi va berish tartibi jamoa shartnomasida belgilanadi. Jamoa shartnomasi bo‘lmasa, ish beruvchi bu tartibni kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishib belgilaydi.

Xodim tanaffusdan qay tartibda foydalanmoqchiligini ish beruvchiga yozma bildirsa, ish grafigini rasmiylashtirish va keyingi tushunmovchiliklarning oldini olish osonlashadi.

Huquqiy asos: Mehnat kodeksining 407-moddasi.