Bola yoshi, sog‘lig‘i va tayyorgarligiga mos ishni qonunda belgilangan shartlarda bajarishi mumkin. Umumiy qoida bo‘yicha ishga qabul qilishga 16 yoshdan yo‘l qo‘yiladi. 15 yoshga to‘lgan o‘quvchi esa o‘qishdan bo‘sh vaqtida, sog‘lig‘i va kamolotiga zarar etkazmaydigan, ta’lim jarayonini buzmaydigan engil ishga ota-onasidan birining yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning yozma roziligi bilan qabul qilinishi mumkin.

15 yoshga to‘lmagan bolalar uchun alohida istisno bor: qonunda belgilangan shartlar bajarilsa, ular madaniyat, ommaviy axborot vositalari yoki professional sportga oid muayyan ijodiy faoliyatda qatnashishi mumkin. Bunda ota-onaning har ikkisining roziligi va vasiylik hamda homiylik organining ruxsati talab etiladi; ruxsatda kunlik ishning eng ko‘p davomiyligi ko‘rsatiladi.

Ish vaqti. 15–16 yoshdagi xodim haftasiga 24 soatdan, 16–18 yoshdagi xodim 36 soatdan ortiq ishlamaydi. O‘quv yili davomida o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlaydigan o‘quvchi uchun bu me’yorning yarmi qo‘llanadi: tegishlicha 12 va 18 soat. Kunlik ish vaqti uchun ham alohida cheklovlar bor.

Sog‘liq va dam olish. 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs ishga kirishdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, keyin esa 18 yoshga to‘lguncha har yili ko‘rikdan o‘tishi kerak. Majburiy ko‘rik xarajatlari ish beruvchi hisobidan qoplanadi. Voyaga etmagan xodimga kamida 30 kalendarь kunlik yillik mehnat ta’tili beriladi; u ta’tildan o‘ziga qulay vaqtda foydalanishi mumkin.

Muhim: voyaga etmaganlarni zararli yoki xavfli ishlarda, er osti ishlarida ishlatish taqiqlanadi. Ularni tungi ishga, ish vaqtidan tashqari ishga, dam olish va bayram kunlaridagi ishga jalb qilish hamda xizmat safariga yuborish ham, qonunda belgilangan ayrim ijodiy faoliyat istisnolaridan tashqari, taqiqlanadi.

Huquqiy asos: «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun, 20-modda; Mehnat kodeksi, 118 va 412–418-moddalar.