Navbatsiz xizmat ko‘rsatish
I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs, nogironligi bo‘lgan bola va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi bir nafar hamroh davlat idoralari hamda tashkilotlarida shaxsan hozir bo‘lib olinadigan xizmatlardan navbatsiz foydalanadi. Bu qoida davlat xizmatlari markazlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat muassasalaridagi xizmatlarga, shuningdek davlat idoralari rahbarlari qabuliga taalluqli.
Bola statsionarda davolanayotganda
Bolaning ota-onasiga, ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga yoki bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa oila a’zosiga uning yonida bo‘lish uchun sharoit yaratiladi. Statsionarda parvarishlayotgan shaxsga shu davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxsga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxs uchun davlat statsionarida davolash davrida bepul ovqatlanish nazarda tutilgan.
Huquqiy asos: Prezidentning 2023-yil 27-fevraldagi PQ–74-son qarori, 5–6-bandlar.