«Ayollar daftari» — qo‘llab-quvvatlashga muhtoj xotin-qizlarning muammolarini aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha yuritiladigan ma’lumotlar bazasi. Unga 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar quyidagi besh toifadan biri bo‘yicha kiritiladi:

  1. ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsizlar;
  2. tadbirkorlikni boshlash yoki kengaytirish istagidagilar;
  3. uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtojlar;
  4. tibbiy yoki psixologik yordamga muhtojlar;
  5. huquqiy yordamga muhtojlar.

Bir shaxs ro‘yxatga faqat bitta toifa bo‘yicha kiritiladi. Mazkur toifa uning qaysi muammosi asosiy ehtiyoj sifatida belgilanganini ko‘rsatadi.

Qanday murojaat qilinadi?

Xotin-qizlar ehtiyoji har yili yanvarda uyma-uy o‘rganiladi. Shu bilan birga, «mahalla ettiligi»ga yoki «Ayollar daftari» axborot tizimi orqali murojaat qilish ham nazarda tutilgan. So‘rovnoma to‘ldirilgandan keyin «mahalla ettiligi» ehtiyoj toifasini aniqlaydi, ro‘yxatga kiritish yoki asoslangan rad javobini rasmiylashtiradi.

Muhim: yashash joyi bo‘yicha doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turmaslik «Ayollar daftari»ga kiritishni rad etish uchun asos emas. Xotin-qiz yashab turgan joyi bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.

Ro‘yxatga kiritilgan har bir ayol uchun ko‘rsatiladigan yordam turi, muddati va miqdori aks etgan individual dastur tuziladi. Undagi masalalar to‘liq hal etilmasdan shaxsni ro‘yxatdan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Chiqarish haqidagi qaror qabul qilinsa, bu haqda 5 kun ichida yozma xabar beriladi.

Huquqiy asos: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi 145-son qarori, 1-ilova.