Homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.
- Ayolning homiladorligi davrida muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagan taqdirda, ish beruvchi ayolning yozma arizasiga binoan va homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilgan taqdirda, mehnat shartnomasining amal qilish muddatini homiladorlik tugaguniga qadar, unga homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilgan taqdirda esa bunday ta’tilning oxiriga qadar uzaytirishi shart. Mehnat shartnomasi homiladorlikning oxiriga qadar uzaytirilgan ayol, ish beruvchining so‘roviga binoan, lekin 3 oyda ko‘pi bilan bir marta homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etishi shart. Agar bunda ayol homiladorlik tugaganidan keyin haqiqatda ishlashni davom ettirsa, ish beruvchi homiladorlikning tugaganligi faktini bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran bir hafta ichida mehnat shartnomasini uning muddati tugaganligi sababli bekor qilishga haqli.
- Ayol bilan tuzilgan mehnat shartnomasining muddati tugaganligi munosabati bilan ushbu shartnomani uning homiladorligi davrida bekor qilishga, agar mehnat shartnomasi yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish vaqtiga tuzilgan bo‘lsa va homiladorlik tugaguniga qadar ayolni ish beruvchida uning sog‘lig‘i holati inobatga olingan holda bajara oladigan boshqa ishga ayolning yozma roziligi bilan o‘tkazish mumkin bo‘lmasa, yo‘l qo‘yiladi.
3 yoshgacha bolasi bor ayol yoxud 3 yoshgacha bo‘lgan bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan ota (vasiy) bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga faqat ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1, 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi.
- Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ularning bola parvarishlash nafaqasini olish huquqi saqlanib qoladi.
- Bolasi 3 yoshga to‘lguniga qadar bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan xodim bilan mehnat shartnomasini xodimning malakasi etarli emasligi oqibatida egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga loyiq emasligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 3-bandiga muvofiq bekor qilishga xodim ta’tildan chiqqan kundan e’tiboran bir yil ichida yo‘l qo‘yilmaydi.
Ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi.