Ovchilik va baliqchilik xo‘jaligini yuritish — ov xo‘jaliklarida yovvoyi hayvonlarni qo‘riqlash va ulardan oqilona foydalanishni, muhofaza qilish va ko‘paytirish tadbirlari bilan bog‘liq xo‘jalik faoliyatini ilmiy asoslangan rejalashtirish asosida amalga oshirishdir.
Ovchilikdan foydalanuvchilar — sport-havaskorlik va sanoat oviga hamda baliq ovlashga, ovchilik xo‘jaligini yuritishni amalga oshirishga qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan huquq berilgan jismoniy va yuridik shaxslardir.
Sport-havaskorlik, sanoat maqsadida ovlash va baliq ovlashga ruxsat berilgan joylar ov qilinadigan va baliq tutiladigan hududlar hisoblanadi.
Ovchilik va baliqchilik xo‘jaliklari quyidagilarga bo‘linadi:
- davlat tashkilotlari ixtiyorida bo‘ladigan hamda ovchilik va baliqchilik mahsulotlari etishtirish va tayyorlashga mo‘ljallangan davlat xo‘jaliklari;
- ovchilik faoliyati o‘rmon xo‘jaligi bilan qo‘shib olib boriladigan o‘rmon-ovchilik davlat xo‘jaliklari;
- jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tuzilmalar tomonidan tashkil etiladigan, shaxsiy ehtiyojlarni qondirish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan sport-havaskorlik ovi va baliq ovlash uchun sport-havaskorlik xo‘jaliklari;
- amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladigan xususiy ovchilik-baliqchilik xo‘jaliklari.
Quyidagilar sport, havaskorlik, sanoat maqsadlarida ovchilik qilish taqiqlangan joylar hisoblanadi:
- aholi punktlari erlari;
- sog‘lomlashtirish, rekreatsion va tarixiy-madaniy maqsadlardagi erlar;
- muhofaza etiladigan hududlar — agar ularning rejimida ov qilish belgilanmagan bo‘lsa, shaharlar atrofidagi yashil zonalar;
- korxonalar atrofidagi sanitariya-himoya zonalari;
- suv olish inshootlarining himoya zonalari;
- aerodromlar;
- chegara zonalari;
- hosili yig‘ishtirib olingungacha — qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalaniladigan erlar;
- to‘g‘onlar, suv ayirgichlar, ko‘priklar, baliq pitomniklari, hovuz va boshqa madaniy baliqchilik xo‘jaliklari erlari, agar ushbu ob’ektlarni qo‘riqlash rejimida ov qilish va baliq ovlashni taqiqlash belgilangan bo‘lsa.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ov qilish va baliq ovlash qoidalari, shu jumladan tutish normalari, ov qilish (tutish) qurollariga qo‘yiladigan talablar, tutish muddatlari, ov qilish yoki baliq ovlash taqiqlangan joylarni aniqlash tartibi, shuningdek ov qilish va baliq ovlash bilan bog‘liq boshqa masalalar Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan, manfaatdor yuridik shaxslar bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.