Iste’molchini issiq suv bilan ta’minlash yil davomida kecha-kunduz (24-soat mobaynida) va uzluksiz amalga oshirilishi kerak.
Issiqlik ta’minoti me’yorlari
- isitish bo‘yicha – isitish mavsumi davrida 1995-yilgacha qurilgan ko‘p qavatli turar joy xonalaridagi harorat kamida 20oS, ko‘p qavatli uylardagi issiqlik tizimi rekonstruktsiya qilinmagan bo‘lsa – harorat kamida 18oS;
- issiq suv ta’minoti bo‘yicha – sanitariya qoidalariga muvofiq issiq suvning harorati 50–75oS.
Bunda quyidagilar bo‘yicha sanitariya qoidalari talablari bajarilishi shart
- suvning epidemiya xavfsizligi bo‘yicha;
- suvning qulay organoleptik xossalari bo‘yicha;
- suvning inson organizmiga zararli ta’sirining oldini olish bo‘yicha.
Isitish davri quyidagicha
- tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 8oSdan past bo‘lgan 5 kunlik davr tamom bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanadi;
- tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 8oS yuqori bo‘lganda tamomlanadi.
Aholini markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti bilan qamrab olish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda hokimliklar iste’molchilarni mahalliy issiqlik ta’minoti (modulь, lokal, bug‘ qozonxonasi, isitish qurilmalari) bilan ta’minlash choralarini ko‘radi.
Etkazib beruvchi tomonidan xizmatlar sifatsiz ko‘rsatilganda:
- Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga murojaat etish uchun havolaga o‘ting;
- Monopoliyaga qarshi kurashish davlat qo‘mitasiga murojaat etish uchun havolaga o‘ting.
Hayotiy misol: issiqlik ta’minoti normasi
Savol: T. ismli shaxs ko‘p kvartirali uyda yashashi, qishki mavsumda isitish va issiq suv ta’minoti yaxshi emasligi, ya’ni isitish radiatorlarida va suv olish joylarida issiq suvning harorati juda pastligi haqida ma’lum qilib, uyni isitish va issiq suv bilan ta’minlashda qanday me’yorlar belgilangani to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.
Javob: Isitish mavsumi davrida 1995-yilgacha qurilgan ko‘p qavatli turar joy xonalaridagi harorati kamida 20o S, agar ko‘p qavatli uylardagi issiqlik tizimi rekonstruktsiya qilinmagan bo‘lsa – turar joy xonalaridagi harorat kamida 18o S bo‘lishi, issiq suv ta’minoti bo‘yicha – suv olish joylarida issiq suvning harorati 50 – 75o S bo‘lishi kerak.