2023 yil 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

2023 yil 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

1) YATTlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga BHMning 50 foizidan yiliga BHMning bir baravarigacha kamaytiriladi.

Savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar bundan mustasno.

2) Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi (UZKAD) ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri hamda ko‘chmas mulk obyektlari haqidagi maʼlumotlar yuritiladigan, maʼlumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi etib belgilanadi

3) O‘zining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga BHMning kamida 1 baravari (300 ming so‘m) miqdorida ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, ular rasmiy band bo‘lgan aholi toifasiga kiritiladi va ushbu davr ularning mehnat stajiga qo‘shiladi:

  • chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar);

  • issiqxona;

  • parrandachilik (bedana, kurka, g‘oz, o‘rdak);

  • quyonchilik;

  • asalarichilik;

  • baliqchilik;

  • bog‘dorchilik;

  • limonchilik;

  • gulchilik. 

4) Ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘p xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi majlisi va ishtirokchilari umumiy yig‘ilishi bayonlari ular rasmiylashtirilgandan so‘ng 10 kunda "Davlat mulki" axborot tizimida joylashtiriladi

5) Saudiya Arabistoni fuqarolariga O‘zbekiston hududiga kirishda 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilinadi.

Bunda ular o‘z yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilish kerak.

6) Charm, mo‘yna xom ashyosi va junni qayta tayyorlash, qoramolni avtomatlashtirilgan tarzda so‘yish, jun, qorako‘l va sunʼiy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilar 2026 yil 1 yanvargacha foyda, aylanmadan olinadigan va mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.

7) Fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushiriladi.

8) Qonunchilikka ko‘ra: 

  • narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish bo‘yicha barcha tibbiy tekshiruvlar narkologiya dispanserlarining o‘zida, zarur hollarda boshqa muassasalarda amalga oshiriladi;

  • narkologiya dispanserlaridagi mavjud koykalar haqidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallarining ambulator va statsionar bo‘limlarida tibbiy psixolog yoki psixoterapevt lavozimlari joriy etiladi.

9) Davlat ijtimoiy buyurtmasiga oid maʼlumotlar majburiy tartibda eʼlon qilib boriladi.

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy tartibda quyidagilar elektron portalga joylashtirib boriladi:

  • ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarning loyihalari;

  • sotsial va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun NNTlarga byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmasini berish uchun tanlov o‘tkazilishi haqidagi eʼlonlar;

  • kelgusi moliya yili uchun davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish to‘g‘risida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga yoki hududiy jamoat fondlariga yuboriladigan buyurtmanomalar;

  • NNTlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar, tuzilgan hamkorlik bitimlari, memorandumlar hamda berilgan davlat ijtimoiy buyurtmalari haqidagi maʼlumotlar;

  • davlat ijtimoiy buyurtmalarini amalga oshirish jarayoni va natijalari, ajratilgan mablag‘larning sarflanishi haqidagi maʼlumotlar.

10) Yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarni chiqindi to‘plash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish hamda foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

 

Shuningdek, yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarning chiqindi to‘plash joylari ulardagi kvartiralar soniga mutanosib ravishda hamda atrofdagi mavjud chiqindi to‘plash shoxobchalari quvvati hisobga olingan holda loyihalashtiriladi.

11) Toshkent shahrida jamoat transportining yangi tarmog‘i asosida tashkil etiladigan yo‘nalishlarda tashuvchilarni “bosib o‘tilgan yo‘l”, “yo‘lovchi oqimi” va “sifat” mezonlari bo‘yicha bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda moliyalashtirishning yangi tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

12) Faxriy donorlarga beriladigan mukofot puli ko‘paytiriladi

“O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryo‘la beriladigan pul mukofoti summasi BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha (1,5 mlndan 4,5 mln so‘mgacha) oshiriladi.

 Shuningdek, ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:

ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqish;

shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;

davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish;

  • doimiy (yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush o‘rtog‘ining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tug‘ilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul taʼminlanadi;

  • donorlarni bepul ovqat bilan taʼminlash bo‘yicha xarajatlarning qiymati respublika bo‘yicha bir xil — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 foizi (27 ming 600 so‘m) miqdorida belgilanadi;

  • immun donorlarga o‘tkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq to‘lash miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi;

  • shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi. 

13) Ipak qurti urug‘i, tut ko‘chatlari va pilla yetishtirish, pillani qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qorako‘lchilik bilan shug‘ullanayotgan subyektlar, qorako‘lchilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari va qorako‘lchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun ko‘zda tutilgan soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar 2026 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi.

14) Advokatlik faoliyatini litsenziyalash quyidagi ixtisosliklar bo‘yicha amalga oshiriladi:

  • fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish;

  • maʼmuriy va jinoiy sud ishlarini yuritish.

Talabgor litsenziya olish uchun arizani “Litsenziya” AT yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron yuboradi.

Litsenziya talabgorning doimiy yashash joyi bo‘yicha cheklanmagan muddatga beriladi va O‘zbekistonning butun hududida amal qiladi.

Arizani ko‘rib chiqish uchun BHMning 50 foizi (150 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. 

15) Ichki ishlar organlari faoliyatiga bosqichma-bosqich “Ye-patrul” tizimi joriy etilib, fuqaroning shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi.

Shuningdek, barcha maʼlumotlar joyida planshet orqali tekshirilib, ichki ishlar organlari patrul-post xizmati xodimlarining faoliyati “bodikamera”dan foydalangan holda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi.

16) Bolalar hamda homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarni yana-da sifatli tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish uchun “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo‘shimcha 4 900 ta o‘rta tibbiyot xodimlari (pediatriya hamshirasi va doya) shtatlari ajratiladi. 


O‘xshash yangiliklar

Chat