O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana o‘zining fuqaroligi bo‘yicha mansub davlatda yoki doimiy yashash joyida ijtimoiy-siyosiy faoliyati, diniy e’tiqodi, irqiy yoki milliy mansubligi uchun ta’qib qilinayotgan yoki ta’qib qilishning jabrlanuvchisi bo‘lishiga real tahdiddan, shuningdek xalqaro huquq normalarida nazarda tutilgan inson huquqlari buzilishining boshqa holatlaridan boshpana va himoya izlayotgan shaxslarga va ularning oila a’zolariga beriladi.

  • O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilgan shaxs va uning oila a’zolari O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalarida belgilangan O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklardan foydalanadi hamda majburiyatlarga ega bo‘ladi.

Hujjatlarni topshirish

Siyosiy boshpana qidirayotgan shaxs vaqtincha propiska rasmiylashtirilgandan keyin yoxud o‘zi fuqarosi bo‘lgan yoki doimiy yashaydigan davlatga qaytish imkoniyatini bermaydigan holatlar vujudga kelgan paytdan boshlab etti kun ichida o‘zi turgan joy bo‘yicha hududiy ichki ishlar organlariga quyidagi hujjatlar bilan shaxsan murojaat qilishi kerak:

  1. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga  O‘zbekistondan siyosiy boshpana so‘rashga sabab bo‘lgan holatlar bayon etilgan holdagi  iltimosnoma. 18 yoshga to‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi iltimosnoma tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi bilan birgalikda uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari tomonidan beriladi. 14 yoshdan 18 sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga etmaganlarga ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari iltimosnomasiga ularning notarial tasdiqlangan yozma roziligi ham ilova qilinishi lozim.
  2. anketa-ariza – 2 ta nusxada;
  3. tarjimai hol – 2 ta nusxada;
  4. 3,5 x 4,5 o‘lchamli 4 ta fotosurat;
  5. O‘zbekiston Respublikasining tibbiy muassasalaridan olingan tibbiy ma’lumotnoma;
  6. shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi ilova qilinadi.

Iltimosnomaga ushbu masalaga taalluqli bo‘lgan boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.

Iltimosnomani ko‘rib chiqish
  • Iltimosnoma ko‘rib chiqilishi davrida murojaat etgan shaxsga ma’lumotnoma beriladi. Iltimosnoma bo‘yicha qaror qabul qilinganidan so‘ng ma’lumotnoma uni bergan organ tomonidan olib qo‘yiladi.
  • Ma’lumotnomani rasmiylashtirishda hududiy ichki ishlar organlari tomonidan iltimosnoma beruvchining barmoq izlari va raqamli surati chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar biometrik ma’lumotlar bazasiga kiritish uchun olinadi.
  • Ma’lumotnoma olgan shaxs maqomi bo‘yicha tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha yashayotgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tenglashtiriladi.

Iltimosnomani ko‘rib chiqish muddatlari
  • O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmatida iltimosnomani ko‘rib chiqishning umumiy muddati 1 yildan oshmasligi lozim.
  • Iltimosnoma beruvchi shaxs O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi masala hal qilingunga qadar 1 oyda kamida ikki marta (har ikki haftada 1-martalik davriylikda) hududiy ichki ishlar organlarida qayd qilinib boriladi. Mazkur tartibga rioya etilmagan taqdirda hududiy ichki ishlar organlari holatlarga aniqlik kiritilguniga qadar materiallar rasmiylashtirilishini to‘xtatib turadi.
  • Iltimosnomani ko‘rib chiqish jarayonida siyosiy boshpana berishga to‘sqinlik qiluvchi asoslar mavjudligi aniqlanganda, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi iltimosnomani ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa tayyorlaydi va bu haqda iltimosnoma bergan shaxsga qaror qabul qilinganidan keyin 7 kun ichida xabar beradi.

Iltimosnoma ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.

Siyosiy boshpana berishni rad etish
  • O‘zbekiston Respublikasida jinoyat deb tan olinadigan harakat (harakatsizlik) uchun taqib qilinayotgan bo‘lsa yoki Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy maqsad va printsiplariga zid harakatlar sodir etishda aybdor bo‘lsa;
  • ayblanuvchi sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilingan yoki unga nisbatan qonuniy kuchga kirgan va O‘zbekiston Respublikasida ijro etilishi lozim bo‘lgan sudning ayblov hukmi mavjud bo‘lsa;
  • ta’qib qilinish xavfi bo‘lmagan uchinchi davlatdan kelgan bo‘lsa;
  • u ta’qib qilinmayotgan uchinchi davlatning fuqaroligiga ega bo‘lsa;
  • bila turib yolg‘on ma’lumotlar bergan bo‘lsa;
  • iqtisodiy, ekologik yoki ijtimoiy sabablarga ko‘ra, shuningdek, tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar munosabati bilan fuqaroligi bo‘yicha mansub davlatga yoki doimiy yashaydigan davlatiga qaytish imkoniyatiga ega bo‘lmasa yoki qaytishni xohlamasa, O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilmaydi.

► Iltimosnoma rad etilgan taqdirda shaxsga qabul qilingan qaror haqida xabar beriladi va uni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

► Siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi iltimosnomasi rad qilingan shaxs iltimosnoma rad qilingan paytdan boshlab bir yildan keyin takroran murojaat etish huquqiga ega.

Siyosiy boshpanani yo‘qotish

Shaxs  quyidagi hollarda berilgan siyosiy boshpanani yo‘qotadi:

  • fuqaroligi bo‘yicha mansub davlatga yoki doimiy yashaydigan davlatga o‘z ixtiyori bilan qaytganda;
  • boshqa davlatga doimiy yashash uchun chiqishda;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida siyosiy boshpanadan o‘z ixtiyori bilan voz kechganda;
  • O‘zbekiston Respublikasining yoki boshqa davlatning fuqaroligini olganda.

► Shaxsga O‘zbekiston Respublikasida berilgan siyosiy boshpana milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan, shuningdek, agar, shaxs Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy maqsad va tamoyillariga zid keluvchi faoliyat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa yoxud u jinoyat sodir etgan va unga nisbatan sudning qonuniy kuchga kirgan va ijro etilishi shart bo‘lgan ayblov hukmi mavjud bo‘lsa, yo‘qotilishi mumkin.

► Shaxsning O‘zbekiston Respublikasida berilgan siyosiy boshpanasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyasi taklifi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni imzolangan kundan boshlab yo‘qotiladi.


Iltimosnoma ko‘rib chiqilishi davrida murojaat etgan shaxsga mazkur ilovaga muvofiq shakldagi ma’lumotnoma beriladi