Faksimil imzoning vazifasi

Faksimil imzo — shaxsning o‘z qo‘li bilan qo‘yadigan imzosi o‘rnini bosadigan maxsus tayyorlangan shtamp. U, masalan, ko‘rishning buzilishi, qo‘l-oyoqning yo‘qligi, harakatlarni muvofiqlashtira olmaslik yoki falajlik sabab hujjatni qo‘l bilan imzolash imkoniyati bo‘lmagan holatga mo‘ljallangan.

Nogironlik mavjudligining o‘zi faksimil imzodan foydalanish uchun etarli shart emas. Qonun uni jismoniy holati tufayli zarur hujjatga o‘z qo‘li bilan imzo qo‘ya olmaydigan shaxs qo‘llashi mumkinligini belgilaydi.

Imzodan foydalanish va uni saqlash

Faksimil imzo muayyan shaxs uchun tayyorlanadi va u tomonidan butun hayoti davomida ishlatilishi mumkin. Yo‘qolsa, dublikati tayyorlanadi. Bunday imzoni ehtiyotkorlik bilan saqlash muhim, chunki u shaxs nomidan hujjatlarni imzolashda qo‘llanadi.

Faksimil imzodan foydalangani uchun shaxsning fuqarolik huquqlarini amalga oshirishini cheklash mumkin emas.

Murojaatni imzolash

Qonun nogironligi bo‘lgan shaxsning davlat organi yoki tashkilotiga yuboradigan murojaatini faksimil imzo bilan imzolash imkoniyatini ham nazarda tutadi. Agar tashkilot imzoni qabul qilishda muammo tug‘dirsa, rad etish sababini aniqlashtirish va yozma javob so‘rash maqsadga muvofiq.

Normativ asos: «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonun, 28 va 29-moddalar.