Homiladorlik va tug‘ish ta’tili necha kun davom etadi va nafaqa qanday belgilanadi?

Homiladorlik va tug‘ish ta’tilining davomiyligi Mehnat kodeksida belgilangan. 2026-yildan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqani tayinlashda sug‘urta staji va yangi hisoblash tartibi ham ahamiyatga ega.

Ayolga tug‘ruqqacha 70 kalendarь kun, tug‘ruqdan keyin 56 kalendarь kun homiladorlik va tug‘ish ta’tili beriladi. Tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki yoxud undan ortiq bola tug‘ilgan bo‘lsa, tug‘ruqdan keyingi davr 70 kalendarь kun bo‘ladi. Shu tariqa odatdagi ta’til 126 kalendarь kun, ko‘rsatilgan alohida holatlarda esa 140 kalendarь kunni tashkil etadi.

Ta’til jamlangan holda hisoblanadi va ayol tug‘ruqqa qadar belgilangan kunlarning nechtasidan haqiqatda foydalanganidan qat’i nazar, to‘liq beriladi. Uni tayinlash uchun belgilangan tartibdagi mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo‘ladi.

2026-yil 1 yanvardan yuzaga kelgan sug‘urta hodisalari bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqasi davlat ijtimoiy sug‘urtasi tartibida tayinlanadi. Umumiy qoidaga ko‘ra, nafaqa uchun kamida 10 oy sug‘urta staji, shuningdek sug‘urta hodisasi yuzaga kelgan oydan oldingi oxirgi 6 oyda uzluksiz sug‘urta staji talab etiladi. Qonunda nazarda tutilgan ayrim holatlarda, jumladan bola parvarishi ta’tilidan keyingi yoki uning davridagi takroriy homiladorlikda, uzluksiz 6 oy haqidagi talab tatbiq etilmaydi.

Nafaqani hisoblashda sug‘urta stajiga qarab o‘rtacha oylik ish haqiga 10–24 oy uchun 75 foiz, 25–60 oy uchun 85 foiz, 61 oy va undan ortiq staj uchun 100 foiz koeffitsient qo‘llanadi. Yakuniy summa belgilangan hisoblash qoidalariga muvofiq aniqlanadi. Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi alohida ariza talab qilinmasdan, proaktiv tarzda tayinlanadi.

Tug‘ish ta’tili tugagach, ayol xohishiga ko‘ra bolasi 2 yoshga to‘lguniga qadar bola parvarishlash ta’tiliga, keyin esa 3 yoshga to‘lguniga qadar ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’tilga chiqishi mumkin. Bu — homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan alohida ta’til turlaridir.

Huquqiy asos: Mehnat kodeksi, 404–405-moddalar; «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi Qonun, 16–17-moddalar; Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-son qarori bilan tasdiqlangan nizom.