Bola faqat ota-onasi vafot etganda emas, boshqa hollarda ham ularning qaramog‘idan mahrum bo‘lishi mumkin. Masalan, ota-ona uzoq muddat bo‘lmaganda, kasalligi sababli bolaga qaray olmaganda, ota-onalik huquqidan mahrum etilganda yoki bolani tarbiyalashdan bo‘yin tovlaganda uni himoya qilish zarurati tug‘iladi.
Bunday bolalarni aniqlash, hisobga olish, huquqlarini himoya qilish va munosib joylashtirish vasiylik va homiylik organlarining vazifasidir. Voyaga etmagan bolalarga oid bu faoliyatda hududiy «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari ishtirok etadi.
Bola qaramog‘isiz qolgani ma’lum bo‘lsa, nima qilish kerak? Bu haqda bola haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga xabar berish lozim. Oila kodeksiga ko‘ra, tegishli tashkilotlar mansabdor shaxslari, notariuslar va boshqa fuqarolar bunday holatdan xabardor bo‘lgach, 24 soat ichida xabar berishi shart. Xabarda bolaning qaerdaligi, uning xavfsizligi va qaramog‘isiz qolishiga oid ma’lum faktlarni ko‘rsatish muhim.
Vasiylik va homiylik organi vasiylik yoki homiylikka muhtoj bola haqida ma’lumot olganidan keyin uch ish kuni ichida uning turmush va ta’minot sharoitlarini birlamchi baholashdan o‘tkazishi shart. Keyin bolaning holatiga qarab oilada tarbiyalashning munosib shakli tanlanadi. Joylashtirish masalasi hal bo‘lguniga qadar vasiylik yoki homiylik vazifalarini tegishli organ vaqtincha bajaradi.
Bolaning ta’lim olishi, sog‘lig‘i va mulkiy huquqlari joylashtirish jarayonida e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Etim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning ilgari yashagan uy-joyiga yoxud qonunchilikda belgilangan tartibda turar joy olishga bo‘lgan huquqi ham himoya qilinadi.
Muhim: xabar berish uchun bolaning huquqiy maqomi rasman belgilanishini kutish shart emas. 24 soatlik muddat uning qaramog‘isiz qolgani ma’lum bo‘lgan paytdan boshlanadi; sharoitni o‘rganish uchun belgilangan uch ish kuni esa organ ma’lumotni olgan kundan hisoblanadi.
Huquqiy asos: Oila kodeksining 148–150-moddalari, «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi qonunning 7, 12 va 16-moddalari, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 26-moddasi.