Hukumat qarori (122–son, 23.03.2023-y.) bilan Nogironligi bo‘lgan shaxsning va tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilaning elektron onlayn-auktsion orqali er uchastkasini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, er uchastkasini auktsion orqali sotib olish xarajatlaridan kelib chiqqan holda, oilasi tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxslar sonidan qat’i nazar, BHMning 100 baravarigacha miqdorda bir martalik to‘lov ajratiladi.
Bunda xarajatlar ushbu miqdordan yuqori bo‘lgan hollarda BHMning 100 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.
Imtiyozli toifadagi shaxslar quyidagi mezonlarga muvofiq kelishi kerak:
- oxirgi 12 oy davomida o‘zi yoki oila a’zolari nomida yashash uchun mo‘ljallangan turar joyi yoki er uchastkasi mavjud bo‘lmasligi;
- er uchastkasi oxirgi 3 oy ichida auktsion orqali xarid qilingan va O‘zbekiston hududida bo‘lishi;
- nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ning birida turgan bo‘lishi.
Imtiyozli toifadagi shaxs auktsion orqali er uchastkasi sotib olgandan boshlab 3 oy ichida o‘z hududidagi tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limiga murojaat qilishi lozim (ushbu muddatdan kechikib berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi).
Mablag‘ ajratish to‘g‘risida belgilangan tartibda qaror qabul qilingandan so‘ng 5 ish kunida imtiyozli toifadagi shaxslarning arizasida ko‘rsatilgan bank plastik hisobvarag‘iga mablag‘ o‘tkazilishi ta’minlanadi.