Keksalar uchun 152 ta tuman va shaharda «Nuroniylar maskani» majmualari tashkil etildi, barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalarni to‘liq miqdorda to‘lash yo‘lga qo‘yildi, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda nuroniylar jamoatchilik kengashlari, mahallalarda «Keksalar maslahati» guruhlari tashkil etildi, «Keksalar haftaligi» va «Keksalar uchun turizm oyligi»ni o‘tkazish an’anaga aylandi.
Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi unga yuklatilgan asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib, mahallalarda nuroniy va keksalar bilan ishlarni takomillashtirish yo‘nalishida quyidagi tadbirlarni amalga oshiradi:
- mahallalarda «Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash;
- vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, korxona va tashkilotlardagi «Faxriylar kengashlari», fuqarolar yig‘inlaridagi «Keksalar maslahati» guruhlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
- mehnat faxriylarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish;
- «Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin» shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan keksalar va nuroniylar holidan doimiy xabar olish tizimini tashkil qilish hamda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash;
- keksalar va faxriylarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida «Nuroniylar maskani» majmualarida va mahallalarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish;
- fuqarolar yig‘inlari raislarining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilari va mahallalardagi boshqa jamoatchilik tuzilmalarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.
Mahallalarda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar, maktablarda o‘quvchilarning darslarni o‘zlashtirishi, davomati, bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan fuqarolarni ish bilan ta’minlash darajasi va boshqa davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi bo‘yicha nuroniylarning jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.