Yillik asosiy ta’til birinchi ish yili uchun 6 oy ishlangandan keyin beriladi.

Ish yili mehnat shartnomasiga binoan ish boshlangan kundan e’tiboran hisoblanadi.

Ta’til quyidagi xodimlarga ularning xohishi bo‘yicha 6 oy o‘tmasdan oldin beriladi:
  • ayollarga — homiladorlik va tug‘ish ta’tili oldidan yoki undan keyin;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga;
  • muddatli harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilgan va ishga joylashgan harbiy xizmatchilarga;
  • o‘rindoshlik asosida ishlayotganlarga — asosiy ish joyidagi ta’til bilan bir vaqtda, o‘rindoshlik asosida ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘lagan holda;
  • ishlab chiqarishdan ajralmagan holda umumiy ta’lim maktablarida, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarida, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarida o‘qiyotganlarga, agar ular o‘zlarining yillik ta’tillarini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtiga to‘g‘rilab olishni xohlasalar;
  • texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ishlar xususiyati o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan xodimlarga.

Maktablar, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlari, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarining muallimlar tarkibiga birinchi ish yilida yillik ta’til ularning mazkur o‘quv yurtiga ishga kirgan vaqtidan qat’i nazar haqiqiy ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘lagan holda yozgi ta’til davrida to‘liq beriladi.