Himoya orderi jabrlanuvchining xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘llanadigan huquqiy chora. Uni berish haqida faqat jabrlanuvchining o‘zi emas, holatdan xabar topgan boshqa shaxslar ham xabar berishi mumkin.

Himoya orderini rasmiylashtirishga jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakilining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar, vakolatli xodimlar holatni bevosita aniqlashi yoxud davlat organlari materiallari asos bo‘lishi mumkin. Murojaatlar ichki ishlar organlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushadi.

Murojaat yoki xabar 24 soat mobaynida o‘rganiladi. Vakolatli inspektorlar holat yuzasidan suhbat o‘tkazadi, xavfni baholaydi va tazyiq yoki zo‘ravonlik aniqlansa, orderni rasmiylashtiradi. Amaldagi nizomga ko‘ra, bu vazifani profilaktika inspektori bilan birga xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor, bolalarga oid holatlarda esa inspektor-psixolog ham bajarishi mumkin.

Himoya orderi dastlab 30 kungacha beriladi va rasmiylashtirilgan paytdan kuchga kiradi. Saytdagi «darhol bir yilga beriladi» degan ma’lumot to‘g‘ri emas. Agar order amal qilayotgan vaqtda xavf bartaraf etilmasa, jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili arizasi asosida uning muddati jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin. Uzaytirish materiallari tegishli inspektor tomonidan belgilangan tartibda sudga yuboriladi.

Order elektron shaklda rasmiylashtirilishi mumkin. Uni elektron etkazish imkoni bo‘lmasa yoki taraf talab qilsa, qog‘oz nusxa ham beriladi. Order shartlari bajarilmasa, bu haqda darhol ichki ishlar organlariga xabar berish lozim: vakolatli xodimlar qonunda belgilangan choralarni ko‘radi.

Bir kalendarь yil ichida tazyiq yoki zo‘ravonlik holati bo‘yicha ikki va undan ortiq marta murojaat qilinganda, ichki ishlar organlari himoya orderini tashabbus tartibida berish chorasini ko‘radi. Order olish uchun vaziyat og‘irlashishini kutish shart emas; xavf haqida o‘z vaqtida xabar berish muhim.

Huquqiy asos: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-yanvardagi 3-son qarori bilan tasdiqlangan nizom; Prezidentning 2024-yil 10-maydagi PQ–175-son qarori.