
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining tegishli statsionar muassasalarida bemorlarga nonushta bepul beriladi. Tushlik, tushlikdan keyingi ovqat va kechki ovqat uchun haq to‘lash nazarda tutilgan. Biroq qonunchilikda belgilangan kasalliklarga chalingan bemorlar va ayrim shaxslar ovqatlanish to‘lovidan ozod qilinadi.
Kasalliklar ro‘yxatiga, jumladan, onkologik, yuqumli, endokrinologik va sil kasalliklari; shuningdek darajasidan qat’i nazar kamqonlikka chalingan homilador va tuqqan ayollar kiritilgan. To‘liq ro‘yxat qarorning 1-ilovasida keltirilgan.
Shaxslar toifasi bo‘yicha imtiyoz, jumladan, quyidagilarga tegishli:
- 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga;
- bir yoshgacha bolasi bo‘lgan emizikli onalarga;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
- bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga;
- vakolatli organlar hisobidagi yolg‘iz pensionerlarga;
- g‘irt etimlarga;
- «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga;
- Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga qarovchi shaxslarga.
Qarorning 2-ilovasida urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan ayrim shaxslar, Chernobilь halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxslar, baynalminalchi jangchilar va boshqa toifalar ham sanab o‘tilgan.
Muhim: imtiyozni rasmiylashtirish uchun qabul bo‘limiga o‘z toifangiz yoki tashxisingiz haqida xabar bering. Ushbu ro‘yxat byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ishlaydigan pulli muassasa, bo‘lim yoki palataga har doim ham tatbiq etilmaydi; joylashtirishdan oldin to‘lov shartlarini aniqlang.
Huquqiy asos: Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-fevraldagi 31-son qarori, nizomning 1 va 2-ilovalari.