Chet elda vafot etgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining o‘limini qayd etish marhum yashab turgan yoki o‘lim sodir bo‘lgan joydagi O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

Agar o‘limni qayd etish marhumning yashash joyidan boshqa okrugda amalga oshirilsa, u holda o‘limni qayd etgan konsullik muassasasi marhum hisobda turgan konsullik muassasasiga uning familiyasi, ismi, otasining ismi, o‘lgan sanasi, shuningdek o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvining raqami va o‘lim qayd etilgan joy va sana ko‘rsatilgan xabarnoma yuboradi.

Agar o‘limni qayd etishda marhumning homiysiz qolgan voyaga etmagan bolalari borligi ma’lum bo‘lsa, u holda konsul shu kunning o‘zidayoq bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar beradi.

O‘lim qayd etilgandan keyin marhumning hujjatlari diplomatik pochta orqali O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga jo‘natiladi.

Bunda marhumning bekor qilingan pasporti keyinchalik qonunchilikda belgilangan tartibda yo‘q qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga jo‘natiladi.

Marhumning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatining yo‘qligi o‘limni qayd etish uchun to‘siq bo‘la olmaydi, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabardor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etishda konsullik yig‘imi undiriladi.

O‘limni qayd etishga elektron ariza berish uchun havolaga o‘ting.