Majburiy jamoat ishlari mahkumni haq to‘lanmaydigan foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy tarzda jalb qilishdan iboratdir. Mahkum ishlayotgan yoki o‘qiyotgan bo‘lsa, majburiy jamoat ishlari ishdan yoki o‘qishdan bo‘sh vaqtda o‘taladi.
Mahkumlar majburiy jamoat ishlarini o‘tashi mumkin bo‘lgan joylar (ob’ektlar) va majburiy jamoat ishlarining turi mazkur jazoning ijrosini nazorat qiluvchi organlar tomonidan belgilanadi.
Majburiy jamoat ishlari 120 soatdan 480 soatgacha bo‘lgan muddatga tayinlanadi va olti oy davomida kuniga 4 soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtda, mahkumga bog‘liq bo‘lmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda esa, bir yilgacha bo‘lgan muhlatda kuniga to‘rt soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtda o‘taladi.
Majburiy jamoat ishlari pensiya yoshiga etgan shaxslarga, 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga, homilador ayollarga, 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, harbiy xizmatchilarga, chet el fuqarolariga va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.