Sud muhokamasi ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran 1 oydan oshmagan muddatda tugallanishi kerak.
Alohida hollarda, sud muhokamasining muddati sud raisi tomonidan 1 oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
- Saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan shikoyat berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, darhol ko‘rib chiqilishi lozim.
- Shikoyat sud tomonidan arizachini va tegishli saylov komissiyasining vakilini, shuningdek, prokurorni, agar shikoyat arizachiga emas, balki boshqa fuqaroga daxldor bo‘lsa, o‘sha shaxsni ham chaqirgan holda ko‘rib chiqiladi. Bu shaxslarning kelmasligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.
- Sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshiriladi.
Ish muhokamasi sud majlisida amalga oshiriladi. Sudning majlisi videokonferentsaloqa rejimida o‘tkazilishi mumkin.
Sud tashabbusiga ko‘ra yoki ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko‘ra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin.
- Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga haqli.
- Videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida shaxslarning ishtirok etish huquqi haqida ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatilib, ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslarga hamda ularning bunday majlisda ishtirok etishiga ko‘maklashadigan tegishli sudga yuboriladi.
- Videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashadigan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslarning vakillari vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnomalar, shuningdek sud majlisida taqdim etilgan dalillar ishni ko‘rayotgan sudga yuborilishini ta’minlaydi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yangi dalillarni talab qilib olish to‘g‘risidagi hamda ish muhokamasi bilan bog‘liq boshqa barcha masalalar bo‘yicha arizalari va iltimosnomalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlari sud tomonidan eshitib bo‘linganidan keyin hal qilinadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi.
Sudning ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini qanoatlantirish to‘g‘risidagi yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi xulosalari ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatida bayon qilinishi mumkin.