O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar
Gender – xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihat hisoblanadi.
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:
- qonuniylik;
- demokratizm;
- xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi;
- jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi;
- ochiqlik va shaffoflik.
Gender statistikasini shakllantirish - Davlat statistika organlari gender ko‘rsatkichlari asosida jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holatini aks ettiradigan statistik axborotni yig‘ishni, unga ishlov berishni, uni to‘plashni, saqlashni, tahlil qilishni va e’lon qilishni amalga oshiradi.
Gender ko‘rsatkichlari fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining statistik ma’lumotlari asosida ham shakllantirilishi mumkin.
Davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi ta’minlanishi kerak.
- Davlat organlarining kadrlar xizmatlari zimmasiga davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklatiladi.
- Bola tug‘ilishi munosabati bilan ona ham, ota ham haq to‘lanadigan ta’til olish huquqiga ega. Bolani parvarishlash bo‘yicha ta’tilning davomiyligi ota-onaning ixtiyoriga ko‘ra ular o‘rtasida bo‘linishi mumkin, bunda ota-ona ta’tildan uni qismlarga bo‘lgan holda foydalanishi mumkin.
- Agar shaxs o‘zini jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa, vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bunda jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan shaxsdan davlat boji undirilmaydi.