Mehnat ta’tili karantin davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilgan davrda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bolaning va umumta’lim muassasalarining boshlang‘ich sinf o‘quvchisi, ya’ni 1-sinfdan 4-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchining ota-ona (ular o‘rnini bosuvchi shaxs, vasiy, homiy)siga beriladi.

Agar xodim karantin davrida bog‘cha va maktabning faoliyati to‘xtatilishidan oldin mehnat ta’tilini olgan bo‘lsa yoki karantin davrida mehnat ta’tilini olishni xohlamasa, ish beruvchi xodimning xohishiga ko‘ra masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigi yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tkazishi yoxud xodimga ish haqi saqlanmagan holda ta’til berishi mumkin.

Ta’til berish tartibi:
  • mehnat ta’tilining davomiyligi 6 kunlik ish haftasi yuzasidan kalendar bo‘yicha ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi. Mehnat ta’tili davriga to‘g‘ri keladigan va mehnat ta’tili muddatini aniqlashda ish kuni hisoblanmaydigan bayram kunlari hisobga olinmaydi, mehnat ta’tili berilishi kuni esa yakshanbaga to‘g‘ri kelmasligi kerak;
  • ish beruvchi xodimdan mehnat ta’tiliga chiqishi haqida ariza olgan kuni mehnat ta’tilining boshlanish va tugash sanasini ko‘rsatgan holda xodimga mehnat ta’tilini berish to‘g‘risida buyruq chiqaradi;
  • agar xodim mehnat ta’tilida bo‘lgan davrda bog‘cha va maktab faoliyati tiklansa yoki xodimning mehnat ta’tilida qolish ehtiyoji bo‘lmasa, xodim muddatidan oldin ishga chiqish bo‘yicha yozma ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Bunda, ish beruvchi ushbu arizani qanoatlantirishi lozim.

Bog‘cha va maktab faoliyati to‘xtatilganligi sababli xodim ta’tilga chiqqan davrida, xodimni ta’tildan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.