Butun er uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek er uchastkasini ijaraga olish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
  • er uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda;
  • er uchastkasi berilgan muddat tugaganda;
  • yuridik shaxs tugatilganda;
  • xizmatda foydalanish uchun chek er berib qo‘yishga asos bo‘lgan mehnatga oid munosabatlar bekor bo‘lganda, agar qonun hujjatlarida boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa;
  • er uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida;
  • er uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan erlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lishida ifodalanganda;
  • er uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda;
  • qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda er solig‘i, shuningdek ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi muntazam to‘lanmay kelinganda;
  • qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan er uchastkasidan 1 yil mobaynida va qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan er uchastkasidan 2 yil mobaynida foydalanilmaganida;
  • meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi order kimoshdi savdosi asosida sotib olinganidan keyin er uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida, er uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi garovda bo‘lgan taqdirda esa — garov shartnomasi muddati mobaynida foydalanilmaganida. Foydalanilmayotgan er uchastkalari ularning avvalgi egalari to‘lagan qiymat ushbu egalarga kompensatsiya qilingan holda olib qo‘yiladi;
  • fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari tuman kengashlari rayosatining qaroriga muvofiq fermer yoki dehqon xo‘jaligining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashiga a’zoligi tugatilganda;
  • er uchastkasi Er kodeksda nazarda tutilgan tartibda olib qo‘yilganda.

Qonun hujjatlarida er uchastkalariga egalik qilish huquqi, er uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqi va er uchastkalarini ijaraga olish huquqini bekor qilishning boshqa hollari ham nazarda tutilishi mumkin.

Er uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi belgilangan tartibda quyidagi hollarda bekor qilinadi

savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlari, shuningdek uy-joy binolari va boshqa binolar yoki binolarning bir qismi shu binolar joylashgan er uchastkalari bilan birga sotilganda;

davlat va jamoat ehtiyojlari uchun savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlari, shuningdek uy-joy binolari va boshqa binolar yoki binolarning bir qismi ular joylashgan er uchastkalari bilan birgalikda qayta sotib olinganda;

qonunda belgilangan hollarda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlari, shuningdek uy-joy binolari va boshqa imoratlar yoki imoratlarning bir qismi ular joylashgan er uchastkalari bilan birga musodara etilganda;

ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv er uchastkasiga qaratilganda.

Er uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi hamda mulkdori er uchastkasiga bo‘lgan huquqlardan voz kechishidan yaqqol dalolat beruvchi xatti-harakatlar (chet elga jo‘nab ketganlik, er uchastkasidan belgilanganidan ko‘proq muddat davomida foydalanmaslik) sodir etgan taqdirda, bu er uchastkasi qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda egasiz mol-mulk tariqasida hisobga olinadi.

Er uchastkasiga bo‘lgan huquqlardan voz kechish mazkur er uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi hamda mulkdori majburiyatlarining, er uchastkasi boshqa shaxsga berilgunga qadar, biroq voz kechilgan paytdan yoki egasiz mol-mulk tariqasida davlat ro‘yxatiga olingan kundan e’tiboran uzog‘i bilan bir yil mobaynida, bekor qilinishiga sabab bo‘lmaydi.

Er uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish, qayta sotib olish

Er uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er egasining roziligi bilan yoki erdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda tegishincha tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan olib qo‘yiladi.

Er egasi, erdan foydalanuvchi va ijarachi er uchastkasini olib qo‘yish haqidagi tegishlicha tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga rozi bo‘lmagan taqdirda, bu qarorlar ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.

Korxonalar, binolar va inshootlar qurish uchun er uchastkalarini olib qo‘yishdan manfaatdor bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar loyihalash boshlangunga qadar hududni kompleks rivojlantirishni ta’minlashni inobatga olgan holda ob’ekt quriladigan joyni, uchastkaning taxminiy o‘lchami va uni ajratish shartlarini er egalari, erdan foydalanuvchilar va ijarachilar, shuningdek tegishlicha tuman, shahar, viloyat hokimi yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan oldindan kelishib olishlari shart. Bunday tarzda, oldindan kelishib olinmagunga qadar loyiha ishlarini moliyalashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Er uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish hamda ob’ekt quriladigan joyni oldindan kelishib olish, shuningdek er ajratib berishni rasmiylashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.


Hayotiy misol: er uchastkasini olib qo‘yish

Savol: M. ismli shaxs o‘ziga tegishli er uchastkasi investitsiyaviy loyihani  amalga oshirish doirasida olib qo‘yilishi rejalashtirilganini ma’lum qilib, o‘ziga nisbatan qanday turdagi kompensatsiyalar nazarda tutilgani haqida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Quyidagilar kompensatsiya qilib beriladi:

  • olib qo‘yilgan er uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymati;
  • olib qo‘yilgan er uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati;
  • ko‘chirish, shu jumladan, boshqa ko‘chmas mulk ob’ektini vaqtinchalik olish bilan bog‘liq xarajatlar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning boy berilgan foydasi;
  • qonun hujjatlarida yoki Kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlar va zararlar.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy, ishlab chiqarish va boshqa binolar va inshootlarning qiymati ham qoplanishi lozim.

Kompensatsiya turi, miqdori va berish muddati bo‘yicha kelishuv majburiy tarzda notarial tasdiqlanadi.