Yo‘l harakati qoidalariga (YHQ) rioya etilishi nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligining Yo‘l Harakati Xavfsizligi Bosh Boshqarmasi (YHXXBB) tomonidan amalga oshiriladi.
- Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
- Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik holati aniqlanganda, qoidabuzar haydovchilarga nisbatan DYHXX xodimi huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida raqamlangan maxsus blankda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiradi.
- Belgilangan tezlikni oshirish va svetoforning taqiqlovchi ishorasiga buysunmaslik holatlari maxsus foto va video qayd etish texnikasi orqali qayd etilganda ma’muriy bayonnoma tuzilmaydi.
Haydovchi (piyoda) YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlardagi huquqlari
- YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish (taqiqlangan holat va hududlardan tashqari);
- to‘xtatish asoslarini, qoidalarning qaysi bandlarni buzganligini tushuntirishini talab qilish;
- transport vositasini to‘xtatgan YPX xodimidan o‘zini tanishtirishini, xizmat guvohnomasini ko‘rsatishini va ko‘krak nishon belgisini ma’lum qilishini talab qilish;
- transport vositasi kabinasidan chiqmasdan, YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatga kirishish;
- maxsus moslama natijalari bilan tanishish (radar, kamera);
- huquqbuzarlik holati yuzasidan tushuntirishlar berish va boshqalar.
YPX xodimining majburiyatlari
- xizmat vazifalarini mobilь videokameradan foydalangan holda oshkora olib borish;
- vizual kuzatuv hamda maxsus moslamalardan foydalangan holda qoidalar buzilganligini aniqlash;
- yo‘l harakati qatnashchisini to‘xtatganidan keyin uning oldiga borish, o‘zini tanishtirish, lavozimi, unvoni, familiyasi haqida ma’lumot berish, uning talabiga ko‘ra ko‘krak nishon belgisini ma’lum qilish va xizmat guvohnomasini ochiq holda (bunda YPX xodimi tomonidan xizmat guvohnomasini yo‘l qatnashchisi ixtiyoriga berish taqiqlanadi) ko‘rsatish;
- yo‘l harakati qatnashchilariga mobilь videokameradan foydalanayotganini ma’lum qilish va kelgusida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun video yozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirish;
- har qanday vaziyatda yo‘l harakati qatnashchilari bilan vazmin, xushmuomala, odobli va e’tiborli bo‘lish, ularga hurmat bilan hamda «Siz» deb murojaat qilish, yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlarda muomala madaniyati va qonuniylikka rioya qilish;
- yo‘l harakati qatnashchilariga ularni to‘xtatish sababini, sodir etilgan huquqbuzarlik yuzasidan aniq, lo‘nda tushuntirish berish va boshqalar.