Talabalarga akademik ta’til quyidagi hollarda berilishi mumkin:
- harbiy xizmatni o‘tash uchun;
- salomatligini tiklash uchun;
- homiladorlik va tug‘ish uchun;
- bolalarni parvarish qilish uchun.
Akademik ta’til berishga asos bo‘luvchi kasalliklar ro‘yxati
- Sil kasalligining faol va asoratlangan shakllari.
- Surunkali kechuvchi o‘pkaning nospetsifik kasalliklari bilan bog‘liq yurak-o‘pka faoliyatlari etishmovchiligi (III daraja).
- II va III darajali surunkali qon aylanishi buzilishi (Nьyu-York klassifikatori bo‘yicha III va IV daraja) bilan kechuvchi yurak klapanlari va mushaklarining organik o‘zgarishlari.
- II va III darajali qon bosimining oshishi, tez rivojlanuvchi qon bosim oshishi (xavfli gipertoniya).
- Hayot uchun xavfli yurak ritmi va o‘tkazuvchanlikning buzilishi bilan kechuvchi holatlar (MAS sindromi, AV qamal II-III darajasi, sinus tuguni zaifligi sindromi, yurak qisqarish soni kunduzi bir minutda 50 va undan past bo‘lsa, nomuqim gemodinamika bilan kechuvchi paroksizmal taxikardiyalar (SAB 90 mm simob ustunidan past holat).
- Barcha bosqichdagi xavfli o‘sma kasalliklari (2 yil oldin radikal davolanganlar bundan mustasno).
- Turg‘un buyrak etishmovchiligi bilan kechuvchi buyrak va boshqa a’zolar kasalliklari.
- Statsionar sharoitida davolanish talab etiladigan oshqozon-ichak tizimi yara va yallig‘lanish kasalliklarining o‘tkir davri.
- Og‘ir va qo‘shma travmatik shikastlanishlar.
- Statsionar sharoitida bir oy muddatdan ortiq davolanish va reabilitatsiya qilish zarur bo‘lgan turli etiologiyalik jigar kasalliklari va surunkali pankreatit (surunkali gepatitlar, jigar tsirrozi).
- Endokrin kasalliklarining og‘ir shakli (akromegaliya, diffuz toksik buqoq, buyrak osti bezining etishmovchiligi, gipoterioz, qandli diabet kasalligining birinchi turi, Itsenko-Kushing kasalligi).
- Qon tizimi kasalliklari: o‘tkir va surunkali leykozlar; idiopatik trombotsitopenik purpura; aplastik anemiya.
- Asab sistemasi surunkali organik kasalliklarining asoratlari natijasida aql zakovatning chuqur va turg‘un buzilishi hamda psixopatik buzilishlar.
- Shizofreniya barcha turlarining xuruj davri.
- Tez-tez takrorlanuvchi tutqanoqli, tutqanoqsiz va psixomator xurujlari bilan, shuningdek hushning xiralashuvi va og‘ir disforiya bilan kechuvchi epilepsiya;
- Tez-tez xurujlanuvchi tsiklotimiya, maniakal depressiv psixoz va tez-tez takrorlanuvchi maniakal depressiv holatlar.
- Psixopatiyaning tez-tez dekompensatsiyalanishi bilan kechuvchi turlari.
- Og‘ir, surunkali kechuvchi teri kasalliklari: asoratlangan psoriaz; pursildoq yara; Layell sindromi; Stivens-Jonson sindromi.
- Zaxmning yuqumli bosqichi.
- Traxomaning I, II, III darajalari.
- Giyohvandlik, toksikomaniyaning barcha turlari (tamakiga tobelik bundan mustasno).
- Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS/OIV).
Talabalarga o‘qish davomida ikki marta, istisno tariqasida, tibbiyot ta’lim muassasalari talabalariga uch martagacha akademik ta’til berilishi mumkin.
Birinchi kurs talabalariga akademik ta’til, istisno tariqasida, faqat ularning kasalligi tufayli berilishi mumkin.
Talabaga akademik ta’til berilishi uni ta’lim muassasasidan chetlashtirish deb hisoblanmaydi.
Talabalarga akademik ta’til davrida stipendiyalar to‘lanmaydi.
Akademik ta’til muddatiAkademik ta’til o‘quv yilining har qanday qismida, quyidagi muddatlarga beriladi:
- harbiy xizmatni o‘tash uchun — qonun hujjatlarida belgilangan harbiy xizmatni o‘tash muddatiga;
- salomatligini tiklash uchun — 12 oy muddatga;
- homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish uchun — qonun hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tillari muddatiga.
Akademik ta’til olish tartibiAkademik ta’til olish uchun talaba ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.
Salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish uchun akademik ta’til olishni so‘rab murojaat qilgan talabaning arizasiga tibbiyot muassasasi komissiyasining xulosasi, harbiy xizmatni o‘tash uchun akademik ta’til olishni so‘rab murojaat qilgan talabaning arizasiga talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi ilova qilinishi lozim.
Talaba surunkali kasalligi sababli 1 oydan ortiq vaqt davomida darslarda qatnasha olmasa, uning arizasiga asosan akademik ta’til berilishi mumkin. Bunda, akademik ta’til muddati o‘tishining boshlanishi talaba darslarda qatnasha olmayotgan kundan boshlab hisoblanadi.
Talabaning akademik ta’til olish haqidagi murojaati 1 haftada ko‘rib chiqiladi.
Akademik ta’til berish haqidagi buyruqda akademik ta’tilning boshlanish va tugash sanasi ko‘rsatilishi shart.
Salomatligini tiklash uchun akademik ta’tilda bo‘lgan talabalarda homiladorlik va tug‘ish hollari yuzaga kelgan taqdirda, akademik ta’tilning muddati homiladorlik va tug‘ish uchun belgilangan akademik ta’tilning muddatiga uzaytiriladi.
Talaba akademik ta’tilga chiqqan kundan boshlab 1 oy o‘tmagan bo‘lsa, akademik ta’tilni bekor qilish va o‘qishga qaytishni so‘rab ta’lim muassasasiga ariza bilan murojaat etishga haqli.
Akademik ta’tildan qaytish tartibiAkademik ta’tilning muddati tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha ta’lim muassasasining rektori nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
Agar, akademik ta’til davrida talaba o‘qigan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) tugatilgan bo‘lsa, talabani shu ta’lim muassasasida yoki boshqa ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish masalasi ham ariza bilan birga ko‘rib chiqilishi va hal etilishi lozim.
Homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish uchun akademik ta’tilda bo‘lgan talabalar akademik ta’til boshlangan sanadan boshlab 12 oy muddat o‘tgandan so‘ng o‘qishga qaytishi mumkin.
Akademik ta’tildan qaytish bo‘yicha talabaning murojaati 1 haftalik muddatda ko‘rib chiqilishi va uning ta’lim muassasasiga o‘qishga qaytishi to‘g‘risida buyruq chiqarilishi lozim.
Ushbu buyruqda talaba o‘qiydigan o‘quv kursi va guruhi ko‘rsatilishi shart.
Akademik ta’til muddati tugagandan so‘ng o‘qishga qaytmagan va natijada bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirgan talaba ta’lim muassasasidan chetlashtiriladi.