Davlat uy-joy fondiga quyidagilar kiradi:
  • munitsipal uy-joy fondi — mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘lgan, mahalliy budjetga tushgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha boshqa tushumlar hisobidan barpo etilgan uy-joy fondi;
  • idoraviy uy-joy fondi — davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining to‘la xo‘jalik yuritishida yoki opyerativ boshqaruvida bo‘lgan uy-joy fondi;
  • aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi — mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘lgan, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan barpo etilgan, shuningdek, xususiy, munitsipal, idoraviy uy-joy fondidan olib ularning balansiga berilgan, fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam ta’minlangan toifalari uchun xususiylashtirish huquqisiz ijara shartlari asosida foydalanish uchun berilgan uy-joy fondi.

Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi:

Uy-joy fondining ijtimoiy normasi:

  • bir kishi hisobiga - 16 kv/m kam bo‘lmagan;
  • kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa – 23 kv/m kam bo‘lmagan.

Er-xotindan tashqari turli jinsga mansub shaxslarni bir xonaga yoki bir xonali kvartiraga joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ijtimoiy normadan ortiqcha turar joy berilishi mumkin.

Quyidagilar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deb hisoblanadi:
  • turar joy maydoniga ega bo‘lmagan yoki yashash uchun yaroqsiz uy-joylar (baraklar, vaqtinchalik uylar, avariya holatidagi uylar, yerto‘lalar)da yashovchi fuqarolar;
  • har bir oila a’zosi 16 kvadrat myetrdan, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun — 23 kvadrat myetrdan kam bo‘lgan turar joy bilan ta’minlanganlar;
  • yotoqxonalarda, ishlab chiqarish va xizmat xonalarida yashovchilar, bundan mavsumiy va vaqtinchalik xodimlar, shuningdek, o‘qishlari sababli yotoqxonalarga ko‘chib o‘tgan fuqarolar mustasno;
  • qarindoshlik aloqalari bo‘lmagan ikki va undan ko‘p oila bo‘lib bir kvartirada yashovchilar;
  • alohida kvartirada yashashga muhtoj bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ayrim surunkali kasalliklarning og‘ir shakllariga chalinganlar;
  • uy-joy ajratilayotgan aholi punktida kamida 3 yil yashayotgan va ro‘yxatda turgan fuqarolar.

Aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joy beriladigan fuqarolar:
  • 1941 - 1945-yillardagi urush faxriylari va baynalminal jangchilar;
  • shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatdan zaxiraga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqan harbiy xizmatchilar;
  • og‘ir turdagi surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar;
  • 16 yoshgacha yetti nafar va undan ziyod bolalari bo‘lgan ko‘p bolali oilalar;
  • chin yetim bolalarni vasiylikka olgan oilalar;
  • 3 nafar va undan ziyod mehnatga layoqatsiz oila a’zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
  • ishlamaydigan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • keksayib qolgan yolg‘iz pensionyerlar — yolg‘iz yashaydigan keksalar, voyaga yetmagan bolalar yoxud qamoqda va jazoni o‘tash muassasalarida, uzoq muddat davolanishda bo‘lgan shaxslar bilan birga yashaydigan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan pensiya yoshidagi shaxslar (60 yoshga yetgan erkaklar, 55 yoshga yetgan ayollar);
  • bolalikdan nogiron bo‘lib qolgan 16 yoshgacha yoki bolalikdan I va II guruh nogironi bo‘lib qolgan bolalari bo‘lgan oilalar.

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga qo‘yish

Tashkilotlarda ishlayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish ularning ish joyida yoki istagiga ko‘ra yashash joyida fuqaro tomonidan tegishli tuman (shahar) hokimi nomiga (idoraviy uy-joy fondida mazkur tashkilotning rahbari nomiga) ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ariza va zarur bo‘lgan hujjatlar joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki tashkilotlarning tegishli komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Fuqarolarning uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtojligi to‘g‘risidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganligi, boshqa fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlari buzilganligi va uy-joyni taqdim etish bo‘yicha masalani hal etishda mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari aniqlanganligi uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlar hisobiga kiritishni rad etishga asos bo‘ladi.

Fuqarolar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlar hisobiga kiritish rad etilganligidan norozi bo‘lgan taqdirda tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki tashkilotlarning yuqori turuvchi organlariga, shuningdek, sudga shikoyat qilishi mumkin.

Vaqtincha yashamagan fuqarolar turar joyining saqlanishi

Munitsipal, idoraviy kommunal uy-joy fondlaridagi uylarni ijaraga oluvchi, uning oila a’zolari yoki ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolar vaqtincha o‘sha uyda yashamaganida turar joy 6 oy muddat davomida ularning hisobida saqlanib turadi.

Vaqtincha yashamagan fuqarolarning turar joyi quyidagi hollarda 6 oydan ortiq muddatga saqlanib turadi.

Navbatdan tashqari uy-joy quyidagilar uchun beriladi:
  • uy-joyi tabiiy ofat oqibatida yashash uchun yaroqsiz holga kelgan fuqarolar;
  • davlat bolalar muassasalaridan, qarindoshlaridan, vasiylardan qaytgan fuqarolar, agar qonun bo‘yicha ilgari egallab turgan uy-joy uchun huquqi saqlanib qolingan bo‘lsa, biroq ushbu uy-joyga ko‘chib kirish imkoni bo‘lmasa. Ushbu hollarda bolalar joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan uy-joylar bilan ta’minlanadilar;
  • noqonuniy javobgarlikka tortilgan va keyinchalik reabilitatsiya etilgan fuqarolar, agar ular avval egallab turgan uy-joyini qaytarib olish imkoniga ega bo‘lmasa. Reabilitatsiya qilingan fuqarolar sud hukmi ijro etilgunga qadar yashagan hududdagi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan uy-joy bilan ta’minlanadi;
  • boshqa aholi punktlaridan o‘tkazilgan yoki taklif qilingan rahbarlar va mutaxassislar, shuningdek lavozimga saylangan shaxslar, agar bu boshqa joyga ko‘chib o‘tish bilan bog‘liq bo‘lsa.

Uy-joylarni taqsimlash va taqdim etish

Uy-joy fondiga ega bo‘lgan tashkilotlar ularning kasaba uyushmasi bilan birgalikda uy-joylarni taqsimlaydi.

Fuqarolarga yashash uchun taqdim etiladigan uy-joy belgilangan sanitariya, yong‘inga qarshi va texnik talablarga javob berishi zarur.

Fuqarolarni bo‘shagan uy-joy sifatida avariya holatidagi va nuragan uylar, yerto‘lalar, barak va yashash uchun mos bo‘lmagan boshqa binolarga, shuningdek buzish, kapital ta’mirlash yoki noturar uylar toifasiga kiritilishi lozim bo‘lgan turar joylarga joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Turar joylarni taqdim etishda er va xotindan tashqari bitta xonaga yoki bir xonali kvartiraga turli jinsdagi shaxslarni joylashtirish taqiqlanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar, qariyalar, yurak-qon tomir va boshqa og‘ir kasalliklar bilan xastalangan fuqarolarga turar joy ularning istagiga ko‘ra ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidan yoki lift bilan jihozlangan uylardagi kvartira beriladi.

Taqdim etiladigan uy-joyning o‘lchamini belgilashda, oilada homilador ayolning borligi e’tiborga olinishi lozim.

Turar joyga ordyer berish tartibi.

Quyidagi hollarda fuqarolar davlat uy-joy fondidagi uylardan boshqa turar joy byermasdan chiqarib yuboriladi:
  • ijaraga olingan turar joy o‘z maqsadi bo‘yicha foydalanilmaganda;
  • turmush qoidalarini muntazam ravishda buzib boshqalarga kvartira va uyda yashash imkoniyatini byermayotganda;
  • ijara haqini to‘lanmaganda (uzoq muddatda tuzilmagan shartnomalar bo‘yicha 6 oydan ortiq, qisqa muddatli shartnoma bo‘yicha esa 2 oydan ortiq).