Bank hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar quyidagi hollarda to‘xtatib qo‘yilishi mumkin:
- hisobvaraq egasining arizasiga ko‘ra;
- surishtiruvchi, tergovchi va sud ijrochisi qaroriga asosan;
- sudning ajrimiga ko‘ra.
Bank hisobvarag‘i surishtiruvchi, tergovchi qarori yoxud sudning ajrimiga ko‘ra to‘xtatilganda, pul mablag‘lari faqat qaror yoki ajrimda ko‘rsatilgan summaga xatlanadi. Bunda bankdagi hisobvaraqlar faqat chiqim qismida to‘xtatiladi, hisobvaraqqa kelib tushgan pul mablag‘lari esa kirim qilinadi.
- Bank hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilganda yoki xatlanganda, hisobvaraqni boshqa bankka o‘tkazishga hamda ushbu hisobvaraq egasining boshqa hisobvaraqlarni ochishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Bank hisobvarag‘ini xatlash haqidagi qaror bankka va nusxasi mijozga ham jo‘natiladi.
- Hisobvaraq xatlanganligi haqida mijozni xabardor qilish bank zimmasidagi majburiyat emas, agar shartnomada boshqacha belgilanmagan bo‘lsa.
- Mijoz bankka murojaat qilish orqali unga tegishli hisobvaraq qanday hujjat asosida xatlanganligi haqidagi ma’lumotni aniqlashi mumkin.
- Bank hisobvarag‘i qaysi organ (mansabdor shaxsning) hujjati bilan xatlangan bo‘lsa, shu organ (mansabdor shaxsning) xatlovni echish haqidagi qarori bilan bekor bo‘ladi.
- Hisobvaraqning xatlanishiga asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilganidan keyin (masalan, qarz majburiyatini bajarish va sh.k.), xatlov olib tashlanishi mumkin.
- Hisobvaraqdan xatlovni echish haqidagi qaror surishtiruvchi, tergovchi, sud ijrochisi yoki sud tomonidan pochta aloqa xizmati orqali bankka jo‘natiladi. Fuqaro arizasiga ko‘ra mazkur qaror shaxsan qo‘lga berilishi mumkin va fuqaroning o‘zi tomonidan bankka etkaziladi.