Mikroqarz banklar va mikrokredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga 50 million so‘mdan oshmaydigan summada to‘lovlilik, muddatlilik va qaytarish shartlari asosida beriladigan pul mablag‘laridir.

Mikroqarz olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi
  • pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat;
  • mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish to‘g‘risida buyurtmanoma;
  • qarz oluvchining daromadlari miqdorini tasdiqlovchi hujjat;
  • jismoniy yoki yuridik shaxslarning kafolati.

Qarz oluvchining huquq va majburiyatlari

Qarz oluvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish qoidalari bilan tanishib chiqish;
  • o‘z huquq va majburiyatlari to‘g‘risida, shu jumladan mikromoliyaviy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha xarajatlar haqida ishonchli hamda to‘liq axborot olish;
  • shartnoma shartlarining shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda bajarilishini talab qilish;
  • shartnoma bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi natijasida etkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashni talab qilish.

Qarz oluvchi:

  • mikromoliyaviy xizmatdan foydalanish va shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim etishi;
  • olingan maqsadli mikrokreditdan shartnomaga muvofiq belgilangan maqsadda foydalanishi;
  • majburiyatlarni shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda bajarishi shart.

► Qarz oluvchi qonun hujjatlari yoki shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.


Mikrokredit tashkilotlar ro‘yxati