Bank omonati (depozit) – milliy yoki xorijiy valyutadagi pul summasi bo‘lib, bank va mijoz o‘rtasida kelishilgan muddatlarda pulni foizlar yoki ustamalar bilan yoxud bunday shartlarsiz qaytarish sharti bilan beriladi.

  • Bank omonati ochish uchun bankka faqat shaxsni tasdiqlovchi hujjat  taqdim etiladi.
  • Bank omonati shartnomasi bank va mijozlar o‘rtasida yozma shaklda tuzilib, bir nusxasi omonatchida qoladi.
  • Har qanday muomalaga layoqatli shaxs o‘z nomiga yoki boshqa shaxs nomiga omonat ochishi mumkin.
  • Omonatning eng kam va eng ko‘p miqdorlari har bir bank tomonidan mustaqil o‘rnatiladi.

Omonatlar bo‘yicha foizlar to‘lash
  • Omonatlar bo‘yicha to‘lanadigan foiz stavkalari miqdori bank tomonidan o‘rnatiladi.
  • Agar bank omonati shartnomasida boshqacha holat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bank talab qilib olingungacha bo‘lgan omonatlarga to‘lanadigan foiz miqdorlarini o‘zgartirish huquqiga ega. Bank har bir omonatchiga omonat bo‘yicha foizlarning kamayganligi to‘g‘risida xabar berishga majbur.
  • Muddatli va jamg‘arib boriladigan omonatlar bo‘yicha bank omonati shartnomasida belgilangan foizlar miqdori bank tomonidan bir tomonlama kamaytirilishi mumkin emas.
  • Bank omonati summasiga foizlar summa bankka kelib tushgan kundan bir kun o‘tib hisoblab boriladi va omonatchiga qaytarish yoxud boshqa asoslarga ko‘ra omonatchi hisobidan echib olish kuniga qadar (shu kunni ham qo‘shgan holda) hisoblanadi.

Omonatni to‘ldirish tartibi
  • Qo‘shimcha summalar naqd va naqd pulsiz ko‘rinishda omonat qo‘yilgan valyutada qabul qilinadi.
  • Omonatga qo‘shimcha mablag‘larni qabul qilishda omonatchi bankka jamg‘arma daftarchasi va shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi lozim.

Omonatni muddatidan oldin qaytarish
  • Agar omonatchi omonatni muddatidan oldin yoxud bank omonati shartnomasida ko‘rsatilgan holatlar yuz berishidan oldin qaytarib olmoqchi bo‘lsa, bu haqda bankni talab qilib olish rejalashtirilayotgan sanadan 1 oydan kechiktirmagan holda ogohlantirishi lozim.
  • Mazkur talabdan “Talab qilib olingungacha” bo‘lgan omonatlar bundan mustasno. Shundan kelib chiqib, agar muddatidan oldin talab qilib olish zaruriyati kelib chiqsa, omonatchi bankni bu haqida ogohlantirishi lozim.
  • Omonatni muddatidan oldin qaytarib olish haqidagi ariza omonat ochilgan bank bo‘linmasiga topshiriladi. Ariza bilan birga shaxsni tasdiqlovchi hujjat hamda omonat daftarchasi ham topshiriladi.
  • Agar omonat summasi va unga to‘langan foizlar omonatchiga to‘liq berilsa, omonat daftarcha omonat bo‘yicha mablag‘larni bergan bank filialida qoladi.

Omonat qoldig‘i, kirim-chiqim operatsiyalari, omonat muddati tugashi haqidagi ma’lumotlar, shuningdek boshqa zarur ma’lumotni omonatchi mobilь ilovadan foydalangan holda yoki o‘rnatilgan infokiosklar yordamida yoxud Internet tarmog‘ida bankning veb-saytida ochilgan shaxsiy kabinetiga kirib olishi mumkin.


Qo‘shimcha ma’lumotni banklarning rasmiy veb-saytlaridan olish mumkin.